O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh yetakchi mutaxassislari bilan uchrashdi, deb xabar qildi O‘zA. Videokonferensiya shaklida o‘tgan uchrashuvda hukumat a’zolari, senatorlar, viloyat hokimlari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlari, sog‘liqni saqlash tizimi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

“Sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mamlakatda xalqning munosib hayot sifatini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, har tomonlama sog‘lom avlodni tarbiyalash, tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlarni qayd etib o‘tdi. Shundan so‘ng o‘z yechimini kutayotgan muammolarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Asosiy diqqatni qishloq vrachlik punktlari faoliyatiga oid masalalarga qaratdi.

“Erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish taraqqiyot yo‘lidagi eng katta g‘ovdir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. U sentyabr oyi so‘ngida ochilgan bosh vazir virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning 7000 dan ziyodrog‘i aynan tibbiyot sohasiga taalluqli ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Bugungi kunda QVPlar birlamchi tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun laboratoriya tahlili vositalari, qator diagnostika apparatlari bilan jihozlangani aholi uchun qulaylik yaratmoqda. Lekin tibbiy uskunalarni ishlatadigan malakali mutaxassislar yetarli darajada emas. Ba’zi chekka hududlarda oddiy qon topshirish uchun tuman markaziga yoki shaharga borishga to‘g‘ri kelmoqda.

Ayrim joylarda tibbiy ko‘riklar nomigagina o‘tkazilmoqda, deb fikrini davom ettirdi Prezident. Chekka hududlarda malakali mutaxassislar yetishmayotgani kadrlar masalasida qilinadigan ishlar ko‘pligini anglatadi.

Qishloq vrachlik punktlari tunu kun ishlamog‘i zarur. Buning uchun punkt yonidan shu joyda ishlaydigan vrachga uy qurib berish lozim.

Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yuksaltirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar ko‘rildi. Lekin bugun xalq bu xizmat sifatidan rozi, deya olmaymiz, dedi u. Tizimni mutlaqo o‘zgartirish — davr talabi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Shundan so‘ng davlat rahbari xotin-qizlar uchun alohida poliklinika tashkil qilish kerakligini ma’lum qildi. Chunki ertangi kunimizning davomchilarini sog‘lom dunyoga keltirish ko‘p jihatdan ayollarimizning salomatligiga bog‘liq, dedi u.

“Sog‘liqni saqlash sohasi haqida gapirganda bir haqiqatni esimizdan chiqarmasligimiz lozim: tibbiyot xodimlari bizning salomatligimiz posbonlaridir. Ularga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak”, — qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatida ham yechimini kutayotgan masalalar ko‘p. Mavjud markazlarning hammasi Toshkent shahrida joylashgan. Bu, ayniqsa, qishloq aholisiga muayyan noqulayliklar tug‘dirayotir. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari mutaxassislari joylarga chiqib aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmog‘i, jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazmog‘i lozim, dedi Prezident.

Tadbirda mamlakat sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, yosh mutaxassislarni tarbiyalash jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, dunyoning yetakchi tibbiyot markazlari va o‘quv muassasalari, taniqli olimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.