Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishi qurilishi 170,1 mln dollarga baholandi. Loyihaning hisob-kitob qiymati O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 29-noyabrdagi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, 5-yanvar kuni Moliya vazirligi saytida e’lon qilindi.

70,1 mln dollar ekvivalentiga teng mablag‘ har yili O‘zbekiston davlat byudjeti hisobidan 2017−2020-yillarga mo‘ljallangan Investitsion dastur doirasida taqsim qilinadi.

Loyihani amalga oshirish mobaynida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 35,1 mln dollar miqdoridagi krediti import qilinuvchi uskuna va materiallarni xarid qilish, xorijiy pudratchi tashkilotlar tomonidan ixtisoslashgan qurilish-montaj ishlarini bajarish hamda boshqa valyuta xarajatlari uchun sarflanadi.

Yana 64,9 mln dollar esa qarzlar va qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Eslatib o‘tamiz, yangi yo‘nalish uzunligi 7,1 km bo‘lib, unda 6 ta stansiya faoliyat ko‘rsatadi. Liniya yerdan 6 metr masofadan o‘tadi.