2-yanvar kuni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat rahbarlari o‘zaro tabrik maktublarini almashdi.

“O‘zbekiston va Xitoy aloqalari ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, Buyuk ipak yo‘li davriga borib taqaladi. Xalqlarimiz o‘rtasida azal-azaldan barqaror savdo-sotiq, ilm-fan va gumanitar aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, madaniyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz bir-birini boyitgani haqidagi ko‘plab yorqin misollar tarix sahifalariga muhrlangan”, — deyiladi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning XXR Raisi Si Szinpinga yo‘llagan tabrik maktubida.

“Izchil va muttasil rivojlanib borayotgan, jahonda ulkan nufuz va ta’sirga ega Xitoy O‘zbekistonning yaqin va ishonchli hamkoridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustahkam an’anaviy do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida muntazam rivojlanib bormoqda”, — deya qayd etdi davlat rahbari.

“O‘zbekiston BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar doirasida Xitoy bilan bundan keyin ham amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor… Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki faoliyat boshlagani iqtisodiy hamkorligimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda”, — deya ta’kidladi Prezident.

“Yaqin kelajakda bo‘ladigan oliy darajadagi uchrashuv O‘zbekiston — Xitoy munosabatlarining har tomonlama rivojiga yanada jadal sur’at bag‘ishlashiga, o‘zaro va ko‘p tomonlama hamkorligimizning barcha masalalari bo‘yicha muloqotlarimizni davom ettirish uchun qulay imkoniyat bo‘ladi, deb ishonaman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigida Xitoy va O‘zbekistonni “yaqin do‘stlar va ishonchli hamkorlardir”, deb atadi.

“Diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandan buyon o‘tgan 25 yil davomida Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari izchil va barqaror rivojlanmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar muntazamlik kasb etgan, o‘zaro siyosiy ishonch mustahkamlanmoqda. “Bir qutb, bir yo‘l” barpo etilishida dastlabki muhim natijalarga erishildi, “uch yovuz kuch"ga qarshi kurashish borasidagi hamkorlik samarali rivojlanmoqda”, — ta’kidladi XXR rahbari.

“2016-yilda biz har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdik, turli sohalardagi hamkorligimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Xitoy munosabatlarimizning muvaffaqiyatlaridan mamnun va u istiqbolda yanada rivojlanishiga ishonchi qat’iydir”, — deb ta’kidladi u.

Si Szinpin: “Men Xitoy va O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beraman. Xitoy O‘zbekiston tanlagan o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini, davlat mustaqilligi, suvereniteti va xavfsizligini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va tashqi aloqalarni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlayveradi”.

“Mamlakatlarimiz xalqlarining farovonligi yo‘lida o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, Xitoy va O‘zbekistonning har tomonlama strategik sherikligini izchil rivojlantirish yo‘lida Siz bilan hamkorlikda ishlashga tayyorman”, — dedi XXR Raisi.