O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi elektron qabulxonani ishga tushirdi. Onlayn qabulxona guin.mvd.uz manzilida faoliyat yuritmoqda.

Saytda qayd etilishicha, jismoniy va yuridik shaxslar shikoyat, ariza va takliflar yuborishlari mumkin. Ular o‘z murojaatlarining holatini tekshirish imkoniyati ko‘zda tutilgan.

Bundan avvalroq O‘zbekiston ichki ishlar vaziri onlayn qabulxonasi ochilgan edi. Yo‘l harakati xavfsizligi, pasport va viza masalalari, huquqbuzarlik va hodisalar, tergovga oid masalalar, yong‘in xavfsizligini ta’minlash va IIV faoliyati sohasiga kiruvchi boshqa masalalar bo‘yicha murojaatlar yuborish mumkin.

So‘nggi oylarda ichki ishlar organlarining turli darajadagi rahbarlari har xil hududlarda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazib, fuqarolarni tashvishga solayotgan masalalarni ko‘rib chiqmoqda.