O‘zbekiston sayyohlik sohasining asosiy muammolari 28-dekabr kuni “O‘zbekiston” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida muhokama qilindi. Prezidentning yaqindagina qabul qilingan turizm sohasini rivojlantirishni tezlashtirish to‘g‘risidagi qarori va uni hamkorlikda amalga oshirish rejalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan tadbir Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (sobiq “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasi) tomonidan tashkillashtirildi.

Marosimda Oliy Majlis Senati raisining xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Davlat turizm qo‘mitasi raisi Anvar Sharapov, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilyor Hakimov, mehnat vaziri Aziz Abduhakimov hamda xususiy sayyohlik firmalari va mehmonxonalar vakillari ishtirok etdi.

Davlat turizm qo‘mitasining Sohalararo va mintaqalararo muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Abdulaziz Oqqulov 2017−2021-yillarda turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasining dastlabki loyihasi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng Anvar Sharapov yig‘ilganlardan turizm sektorini rivojlantirish bo‘yicha takliflarini bildirishini so‘radi.

Mega Tour sayyohlik agentligi vakili Islom Karimboyev MDH davlatlari fuqarolari uchun narx belgilashda imtiyozlar joriy etishni taklif qildi: “Avval, 10−15 yil muqaddam MDH davlatlari fuqarolari imtiyozlarga ega edi, ya’ni kirish chiptalari va mehmonxonalarda muayyan narxlar belgilangandi. Mazkur bozor biz uchun juda manfaatli, umumiy ildizlarimiz bor. Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlar fuqarolari yurtimizga ko‘proq kelishini istar edim”.

Mazkur taklifni izohlar ekan, Abdulaziz Oqqulov yuqorida aytib o‘tilgan konsepsiyada aholining alohida qatlamlari va sayyohlarning ayrim toifalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ko‘zda tutilganini ta’kidladi.

Teleboshlovchi va “Vse o turizme” dasturi rahbari Elmira Tuxvatullina oliy malakali kadrlar tayyorlash mavzusiga to‘xtalib o‘tdi. “Teledastur tayyorlar ekanman, universitet, institut va kollejlarda turizm uchun kadrlar tayyorlanishiga qaramasdan, yetarli darajada salohiyatga ega bo‘lmagan kishilar bilan to‘qnash kelaman. Bunday mutaxassislarni tayyorlash uchun amaliyotchilarni jalb qilish lozim, deb hisoblayman”, — deya ta’kidladi jurnalist.

U Xitoy tajribasidan misol keltirdi: “Xitoyda „Kim Buyuk Xitoy devoriga bormagan bo‘lsa, hayotni ko‘rmagan ekan“. Menimcha, bunday usuldan bizda ham foydalansa bo‘ladi: „Eng ommabop sayyohlik yo‘nalishlarida bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarosi o‘z mamlakatini bilmaydi“. Ichki turizmni rivojlantirishni maktabgacha yoshdan boshlash lozim. Buning uchun maktab o‘quvchilarida o‘z vatanini anglashga qiziqish uyg‘otish zarur”.

Grand Atlas mehmonxonasi menejeri Mansur Zokirov turli davlat mahkamalari ekspertlarini jalb etgan holda turizm sohasini rivojlantirishni nazorat qilish bo‘yicha kengash tuzish taklifini ilgari surdi.

“Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat kengashi tuzish, uning ishiga 10−12 mahkamani jalb etishni taklif etaman. Kengash yig‘ilishi „O‘zbekiston havo yo‘llari“, „O‘zbekiston temir yo‘llari“, IIV, TIV va boshqa tuzilmalar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin”, — dedi u.

Sodiq Safoyev parlamentda mahkamalararo hamkorlikni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanuvchi maxsus guruh tuzilishini ma’lum qildi. Ayni paytda, Anvar Sharapov Davlat raqobat qo‘mitasi huzurida tez orada har bir masalani batafsil o‘rganuvchi jamoatchilik kengashi tashkil etilishini ta’kidladi.

Mansur Zokirov hududlarda turizmni rivojlantirish masalasini ko‘tarib, Davlat raqobat qo‘mitasining joylardagi bo‘limlari vakolatlarini kengaytirishni taklif qildi. Anvar Sharapovning so‘zlariga ko‘ra, viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosalariga hududlarda turistik faoliyatni muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan. Biroq eski ish mexanizmi zarur natijani ko‘rsatmadi. Ko‘plab hududiy rahbarlar o‘zgartiriladi (mazkur jarayon boshlangan), boshqaruv tizimi zamonaviy talablarga javob beradigan shakllarga o‘zgartiriladi.

People Travel vakili Sanjar Xolmuradov sayyohlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi muammolarni ko‘rsatib o‘tdi: “Biz chet ellik sayyohlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha hozirgi tizim bilan ekologik va qishloq xo‘jaligi turizmini rivojlantira olmaymiz. Uch kun (chet elliklar O‘zbekistonda uch ish kunidan ko‘proq muddatga qoladigan bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tishlari lozim — tah.) -tog‘larga, oilalarda yashash uchun qishloq joylarga borish maqsadidagi kishilar uchun juda kamlik qiladi. Shuningdek, ko‘pchilik bojxona deklaratsiyasidan qo‘rqadi. Shu sababli qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblayman”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, temir yo‘lar bilan ham muammolar mavjud. “Bizda yaxshi, har jihatdan qulay poyezdlar bor, lekin yo‘lovchi o‘rinlari yetishmaydi. Katta muammo — hojatxonalar, shuningdek, navigatsiya — sayyohlar shaharlar bo‘ylab mustaqil harakat qila olmaydi, ko‘rsatilayotgan xizmatlardan to‘laqonli foydalanolmaydi”.

Dilyor Hakimov tadbirkorning har bir savoliga javob qaytardi. Jumladan: “Infratuzilmalardagi muammolar borasida qisman qo‘shilaman. Siz poyezdlar haqida gapirayapsiz, lekin buning davlat uchun yetarli darajada katta xarajat ekanligini unutmaslik lozim… Biznes-hamjamiyatga infratuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha bir qism mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni taklif qilaman”, — dedi Dilyor Hakimov. Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiy sektor va davlat hamkorligi faol rivojlanishi lozim.

Sayyohlarni ro‘yxatga olish — bahsli masala, davom ettirdi TIV vakili. Biroq bahslarda davlat manfaatlarini ham hisobga olish lozim, birinchi navbatda xavfsizlik sohasida. Bojxona deklaratsiyasi borasida vazir o‘rinbosari sayyohlik biznesi vakillari bilan murosaga kela olmasligini bildirib o‘tdi, uning aytishicha, bojxonaga oid jarayonlar barcha mamlakatlarda mavjud.

“Sodiq Solixovich [Safoyev] to‘g‘ri gapirdi: tizimni o‘zgartirish kerak. Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatidagi sessiya vaqtida shunday savolni o‘rtaga tashladi: „Agarda biz, amaldorlar xalqni eshitish, ular muammosini yechishga qurbimiz yetmasa, u holda nima uchun kerakmiz?“ — dedi Anvar Ikromov zaldagi qarsaklar ostida. — Aslida biznes davlatga qarzdor emas. Sotib olingan poyezdlar davlat pullariga emas, balki tadbirkorlar to‘lagan soliqlar evaziga xarid qilingan”, — ta’kidladi u.

“Biz maqsadlarimiz bir bo‘lsa ham, ikki tilda so‘zlamoqdamiz, — deya so‘zini davom ettirdi SSP raisi o‘rinbosari. — Agarda Moliya vazirligi bilan kichik biznes bilan mashg‘ul kishilarning o‘rtacha soni kamayishi borasida bahslashsak, masalaga bir tomonlama yondashasiz, byudjetning asosiy daromadlariga e’tibor qaratmaysiz. Agarda siz ko‘proq poyezd buyurtma bersangiz, demak, ular, tadbirkorlar yaxshiroq ishlashni boshlaydi, agarda reyslar sonini oshirsangiz, ular mamlakatga ko‘proq sayyohlarni jalb etadi”.

Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov Anvar Ikromovning fikrlarini takrorladi va hukumat hamda biznes-muhit vakillarini hamkorlikda ishlashga chaqirdi: “Davlat organlari va xususiy sektor manfaatlari mushtarak. Agarda sayyohlik operatorlari turistlarni jalb qilmasa, u holda „O‘zbekiston havo yo‘llari“ daromadni qayerdan oladi? Bu yerda davlat organlari va biznes o‘rtasida teng huquqli hamkorlik bo‘lishi lozim”.

Dolores Travel Services sayyohlik operatori direktori Farhod Rasulov Davlat statistika qo‘mitasi taqdim etgan statistik ma’lumotlarni tahlil qilar ekan, ma’lumotlar noto‘g‘ri tushunilishini ta’kidladi.

“O‘zbekistonga yil davomida 2 mln sayyoh keladi, deyiladi. Biz Davlat raqobat qo‘mitasidan rasman ravishda ma’lumotlarni so‘radik va mazkur raqamlarning 1,9 milliondan ortiqroq ekanini ko‘rdik. Lekin turizm turlari bo‘yicha hisoblaydigan bo‘lsak, an’anaviy ekskursion turizmdan 160 ming, xizmat turizmidan esa 190 ming kishi foydalangan. Savol tug‘iladi: „Ularning barchasi qayerda yashadi?“ Respublikadagi mehmonxona nomerlari, jumladan, pansionatlar, sanatoriyalar, bolalar lagerlarini ham hisobga olsak, O‘zbekiston birvarakayiga kuniga 50 ming kishini qabul qila oladi. 1,9 millionni bir yildagi kunlar soniga bo‘lsak, u holda biz jismoniy jihatdan shuncha sayyohni qabul qila olmaymiz. Bu noto‘g‘ri hisob ketganidan dalolat beradi, degani emas, bu shunchaki ma’lumotlarni noto‘g‘ri tushunish demakdir. 1,9 million tashrif buyuruvchidan 1 millioni, bu — mehmonxona turizmiga kiruvchi etnik trafik hisoblanadi, biz uchun esa ular noan’anaviy sayyohlardir. Umuman olganda, respublika uchun, albatta, ular pul sarflaydigan sayyohlar hisoblanadi, biroq bu yerga mamlakatga faqatgina 350 ming kishini jalb qilgan sohaning aynan ikki yo‘nalishi — ekskursion va xizmat turizmini muhokama qilish uchun yig‘ilganmiz”, — dedi u.

Farhod Rasulov soha biznes-hamjamiyatida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini kuchliroq targ‘ib qilish uchun mablag‘lar yetishmasligini tan oldi.

“Xususiy sektor qanday o‘ylashiga diqqat qaratishingizni istar edim. Respublikada 624 mehmonxona xo‘jaligi va 1000 atrofida sayyohlik firmalari mavjud. Biz yagona soliq to‘laymiz va bularning barchasi jamlansa, katta pulga aylanadi. Barcha sukut saqlayotgan turistik yig‘im haqida ham unutmaslik lozim. Bir yil davomida „O‘zbekturizm“ jamg‘armasi taxminan 2 mln dollar qabul qilib oldi. Ko‘rgazmalardagi faoliyatimizga kelganida esa, biz hammasiga o‘zimiz to‘lashimiz kerak, desak noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki bizning komissiya ko‘pi bilan 10 foizni tashkil etadi, bu arzimas daromad emas, biroq mamlakatni kuchli targ‘ib etishni istasak, u kamlik qiladi”.

U o‘z so‘zini davom ettirar ekan, takliflarini ilgari surdi. “Turizm sohasidagi 18 yillik faoliyatim davomida biz qancha takliflarni taqdim etdik, birortasi ham amalga oshmagan takliflar ro‘yxatini tuzsak, 50 punktdan oshar edi. Mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish uchun takliflardan biri sifatida biz mehmonxona xo‘jaliklarini kreditlashni qayta ko‘rib chiqishni so‘radik. Hozirda tijorat banklari eng kamida 7 yilga kredit ajratmoqda, mehmonxonalarning xarajatlarni qoplash muddati esa 10−12 yilni tashkil etadi. Biz Markaziy bankning tijorat banklariga bunday kreditlarni ajratish to‘g‘risidagi tavsiyasini berishigagina erishdik, biroq birorta ham bank buni amalga oshirmayapti. Mehmonxona turizmini rivojlantirish uchun mazkur taklif ham konsepsiyaga kiritilishi lozim”.

Shundan so‘ng Farhod Rasulov ayni paytda turistik sektorni eng ko‘p tashvishga solayotgan masalani o‘rtaga tashladi. 2017 yil 1 yanvardan O‘zbekiston hududida chet el fuqarolari hamda respublikada doimiy yashamaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga mehmonxonalarga joylashish uchun to‘lov faqatgina erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladi.

“To‘lovlarni valyutaga o‘tkazish to‘g‘risida yaqindagina qabul qilingan qaror sababli biz o‘z faoliyatimizni to‘liq qayta ko‘rib chiqayapmiz. Biz 2017 yil uchun barcha narxlarni avgustda e’lon qilgan edik, endi esa mehmonxonalar narxi 30−40 foizga qimmatladi. Natija bunday bo‘ldi: bizning xorijlik sheriklarimiz buyurtmalarni qaytarib olmoqda, bu esa yilning birinchi yarmida yo‘qotishga uchrashimizni anglatadi. Mehmonxonalardan kelgusi yilda eski narxlar bo‘yicha xizmat qilishini so‘rayapmiz, mazkur bekor qilishlar, ular soni mingdan oshdi, mamlakatimiz imidjiga qattiq salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Davlat raqobat qo‘mitasidan mazkur muammoni tezroq bartaraf etish uchun turistik operatorlar va mehmonxona biznesi ishtirokida yig‘ilish o‘tkazishni iltimos qilib qolar edik”, — dedi Farhod Rasulov.

Tadbirkorlar 2017−2021 yillarda turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasini yanada qisqaroq muddatli dasturlarga ajratish g‘oyasini ilgari surib, 1999 yilda qabul qilingan “Turizm to‘g‘risida"gi qonunning ma’nan eskirgani va yangi tahrirda qabul qilish ehtiyoji borligini eslatib o‘tishdi.

Davlat raqobat qo‘mitasi va boshqa mahkamalar vakillari uchrashuv ishtirokchilarini ko‘tarilgan savol va takliflar e’tiborsiz qolmasligiga ishontirdi. Ular sohani rivojlantirish konsepsiyasini yakuniga yetkazish bo‘yicha sermahsul hamkorlik olib borilishiga umid bildirishdi.