O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-dekabr kuni mamlakatning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashdi, deb xabar qildi O‘zA. Uchrashuvda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, tijorat banklari rahbarlari, Fanlar akademiyasi a’zolari, yetakchi oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilayotganini, zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin ekanini ta’kidlab o‘tdi. Mazkur sohani va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridandir, deya qayd etdi u.

Davlatning yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmonida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ilm-fanning o‘rnini yanada mustahkamlash, akademiklar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirishni rag‘batlantirish maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlar belgilangan.

Ilm-fan bilan shug‘ullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish igna bilan quduq qazishdek gap, dedi Prezident. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va rag‘batga munosib.

Mamlakat va jamiyatning zamon talablari darajasida rivojlanishini ilm-fansiz tasavvur qilish qiyin. Ilm-fan taraqqiyotida fundamental tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan ular orqali yangi bilimlar o‘zlashtiriladi va nazariyalar shakllantiriladi, kelgusi amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar uchun mustahkam asos yaratiladi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning hammasini ham ilm-fanning bugungi yuqori rivojlanish darajasiga to‘la javob beradi, deb bo‘lmaydi. Yuqori texnologik ilmiy mahsulotlarni amaliyotga joriy etish uchun yangi zamonaviy tajriba-ishlab chiqarish, konstruktorlik-texnologik tashkilotlar hamda innovatsiya markazlarini tashkil etish zarur. Marketing va litsenziyalash xizmatlari talab darajasida emas. Bu mamlakat ilmiy-innovatsion mahsulotlarini amaliyotga keng tatbiq etishda yaqqol sezilmoqda.

Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirish muhimligi alohida qayd etildi. Yangi texnologiyalarni joriy qiluvchi korxonalarga imtiyozlar va preferensiyalar berish ilm-fanga investitsiya kiritadigan korxonalar soni sezilarli darajada oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mavjud ilmiy salohiyat va mablag‘larni iqtisodiyot tarmoqlarining buyurtmalari va muayyan muammolarni yechishga qaratilgan eng muhim ustuvor tadqiqotlarga yo‘naltirish zarur.

Jahonning yetakchi institutlari, universitetlari, ilmiy markazlari va Fanlar akademiyalari bilan ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishni zamonning o‘zi talab qilmoqda, dedi Prezidentimiz. Xorijning yetakchi o‘quv va ilmiy muassasalarida ta’lim va ilmiy daraja olgan yurtdoshlarimiz uchun mamlakatimizda qulay shart-sharoitlar yaratib berish, ularni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish kerak.

Mamlakatda yuqori salohiyatga ega, jahon miqyosida e’tirof etilgan olimlar ko‘p. Ular o‘z maktablarini yaratishi, shogirdlar tarbiyalashi lozim. Yosh avlodni salohiyatli kadrlar etib tarbiyalashdagi birinchi bosqich — maktab ta’limini tubdan takomillashtirish, ilmiy kadrlar va yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonining uzluksizligini ta’minlash zarur. Bu yo‘lda hech narsani ayamaymiz, dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi uchrashuvlarida ilgari surilgan takliflar, jumladan, zamonaviy texnoparklar, Akademiklar shaharchasida erkin iqtisodiy hudud maqomiga ega bo‘lgan Innovatsion markaz tashkil etish bo‘yicha tashabbusi ilmiy-tadqiqot institutlari, ta’lim muassasalari va sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish, sohaga mahalliy va xorijiy investorlarni keng jalb etish imkonini berishi ilm-fan ahli tomonidan alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda soha vakillari Prezidentning yaqinda qabul qilingan farmoni soha rivojida muhim rol o‘ynashini ta’kidlab, mavjud dolzarb masalalar, mamlakatimizda ilm-fan hamda innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi. Prezidentga mamlakatda ilm-fan va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlayotgani, ilm ahlini rag‘batlantirishga qaratayotgan alohida e’tibori uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotning barcha sohalari taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni, ahamiyati g‘oyat katta ekani, bu borada davlat birinchi galda Fanlar akademiyasi va olimlarga suyanishini, fan va ishlab chiqarish hamkorligi bugun nihoyatda dolzarb ekanini alohida ta’kidladi.