Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida kichik sanoat zonasi ochilishi rejalashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi qarori loyihasi normativ-huquqiy aktlar muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, bunday qaror Yangiyerning sanoat salohiyatini taraqqiy ettirish, yangi ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirishda kichik biznes sub’ektlariga investitsiyalarni jalb etish maqsadida qabul qilindi.

Sanoat zonasi faoliyat muddati uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etadi. Rejaga ko‘ra, bu yerda tekstil, oyoq kiyimlari, ekologik toza kimyo mahsulotlari, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Sanoat zonasi ishtirokchilari yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek, Respublika Yo‘l fondi va Moliya vazirligi huzuridagi Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha byudjetdan tashqari jamg‘arma to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida xususiy ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, xom ashyolar, materiallar va jamlovchi mahsulotlar, shuningdek, metall konstruksiyalar va qurilish materiallar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish to‘lovlaridan tashqari) ozod qilish rejalashtirilmoqda.

Ko‘rsatib o‘tilgan imtiyozlar eng kam oylik ish haqining 2000 baravaridan kam bo‘lmagan miqdordagi investitsiyalar jalb qilinganida uch yil muddatga taqdim etiladi. Sanoat zonasi ishtirokchilarining yillik daromadi eng kam oylik ish haqining 1000 baravaridan kamroqni tashkil etsa, imtiyozlar bekor qilinadi.