2010-yil martidan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligini boshqarib kelayotgan Tursinxan Xudaybergenov Prezidentning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi etib tayinlandi. 28-dekabr kuni davlat rahbari bu haqdagi qarorni imzoladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni bilan Prezident devoni tarkibiy tuzilmasida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tashkil etilgan edi.

Tursinxan Xudaybergenov (1951-yil tavallud topgan) — Toshkent pedagogika instituti (1974-yil) va SSSR IIV Akademiyasi (1982) bitiruvchisi. 1974−1999-yillarda IIVda, 1999−2001-yillarda Xorazm viloyati IIBda turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi, 2001−2006-yillarda Prezidentning huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi, 2006−2010-yillarda esa Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i bo‘ldi.