BMTning saylangan bosh kotibi Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyevga maktub yuborib, unda O‘zbekiston xalqi va umuman Markaziy Osiyo mintaqasining farovonligi yo‘lidagi yaqin hamkorlikni yanada kengaytirishdan umidvorligini bildirdi. Maktub matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

«Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Men bu hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan, BMTning mamlakatingizdagi vakolatxonasi, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi orqali yanada mustahkamlashga harakat qilaman», — deyiladi maktubda.

«Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish bizning umumiy va ustuvor maqsadimiz ekanini yaxshi anglayman. BMT ushbu fojea bilan bog‘liq muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlaringizni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlayveradi», — qayd etiladi unda.

Antoniu Guterresh Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonga tashrif buyurish haqidagi taklifi uchun minnatdorchilik bildirdi. «Buning uchun qulay imkoniyat bo‘lishi bilan mamlakatingizga borish niyatidaman», — deb yozdi u.

Shavkat Mirziyoyevni prezidentlikka saylangani bilan qutlar ekan, BMT yangi bosh kotibi yaqin vaqtlarda u bilan uchrashish hamda global va mintaqaviy dolzarb tahdidlarni bartaraf etish yo‘lida hamkorlikda ishlash imkoniyatini sabrsizlik bilan kutishini ma’lum qildi.