24−25-dekabr kunlari Toshkentda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida texnik va amaliy sport turlari — aviamodellashtirish, pnevmatik qurol va to‘pponchadan o‘t otish bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti “Gazeta.uz"ga.

Musobaqaning saralash bosqichlarida 2000 nafardan ziyodroq sportchi qatnashgan bo‘lsa, ularning 45 nafari xonada aviamodellashtirish, 48 nafari kordda aviamodellashtirish, 61 nafari pnevmatik qurol va to‘pponchadan o‘q uzish bo‘yicha final bosqichiga yetib keldi.

Aviamodellashtirish bo‘yicha musobaqada 16−18 yoshgacha sportchilar orasida Shahboz Bafoyev (Buxoro viloyati), Muhiddin Boborahimov (Toshkent) va Sarvarbek Boylarov (Namangan viloyati), 18−25 yosh toifasida Aleksey Bundin (Toshkent), Sardor Said (Toshkent) va Sherzod Shavkatjonov (Farg‘ona viloyati) g‘olib bo‘ldi.

Xonada aviamodellashtirish bo‘yicha jamoalar ichida Toshkent viloyati birinchi, Buxoro ikkinchi va Samarqand uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kordda aviamodellashtirish musobaqalarida Toshkent “oltik”, Farg‘ona “kumush” va Andijon “bronza” medaliga sazovor bo‘ldi.

Pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha Saidxon Sayfuddinov (Andijon viloyati) va Olima Komilova (Xorazm viloyati), to‘pponchadan o‘q uzishda esa II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Vladimir Svechnikov (Toshkent) va Muslima Yo‘ldosheva (Farg‘ona viloyati) oliy o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa doirasida murabbiylar va mutaxassislar ishtirokida suhbat va master-klasslar, Toshkentning diqqatga sozovor maskanlariga ekskursiya tashkil etildi.