28-dekabr kuni O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov 1966−2016-yillarda yashab, ijod qilgan xonadonda yodgorlik lavhasi o‘rnatildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Tadbir ishtirokchilari va adibning oila a’zolari atoqli shoir qabrini ziyorat qildi. Shoir qabriga gul qo‘yilib, xotirasiga hurmat bajo keltirildi, Qur’on tilovat qilindi.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Erkin Vohidovning rafiqasi Gulchehra Vohidova atoqli shoir tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va xotirasini abadiylashtirish borasidagi yuksak e’zoz-e'tibor uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Marosimda Erkin Vohidov sevgan va uning g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlardan iborat konsert namoyish etildi.