Katta ta’sir kuchiga ega Financial Times gazetasi 2017-yildagi eng “qaynoq” sayyohlik yo‘nalishlari ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatdan O‘zbekiston ham joy oldi. Jahon sayyohlik sanoatining yetakchi kompaniyalari tavsiya etgan top-9 yo‘nalishga Nepal, Keniya, Finlyandiya, Andaman orollari, Buyuk Britaniya, Madagaskar, Kambodja va Yangi Zelandiya ham kiritilgan.

“Biz mijozlarimiz — bebi-bumerlar avlodi (1943−1963-yillarda tavallud topganlar — tah.) — sarguzasht turizmini ma’qul ko‘rib, noyob joylarga uzoq muddatli sayohatlarni jo‘nashini tez-tez kuzatamiz. Ayni paytda Ipak yo‘li mamlakatlari eng qaynoq yo‘nalish bo‘lib qolmoqda”, — dedi Wild Frontiers sayyohlik operatori vakili Jonni Bilbi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston jozibardorligining ortishiga so‘nggi vaqtlarda Ipak yo‘li to‘g‘risidagi kitoblar va televizion dasturlarning paydo bo‘lishi, shu jumladan, BBC va Discovery kanallari katta ta’sir ko‘rsatgan.

O‘zbekiston butun Ipak yo‘li mamlakatlari bo‘ylab uzoq sayohatga chiqa olmaydiganlar uchun juda maqbul mamlakatdir. Bu yerda mazkur yo‘nalish uchun xos bo‘lgan jihatlar, jumladan, Xiva, Buxoro va Samarqand kabi qadimiy savdo shaharlarining masjidlari, maqbara va minoralari bir joyga jam bo‘lgan, deb qayd etadi nashr.

Yaqin-yaqingacha O‘zbekistonga sayyohlar oqimining ortishiga viza olish tartiblarining murakkabligi yoki milliy bayramlar vaqtida chegaralarning to‘satdan yopilib qolishi kabi cheklovlar to‘siq bo‘lar edi. Biroq so‘nggi oylarda mamlakat ochilishni boshlayotganidan darak beruvchi alomatlar ko‘zga tashlanmoqda, deb yozadi gazeta. Prezident Shavkat Mirziyoyevning sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish to‘g‘risidagi yaqinda e’lon qilingan farmoni ulardan biriga misol bo‘ladi. Unga ko‘ra, 1 apreldan O‘zbekistonga turizm maqsadida tashrif buyuruvchi 15 mamlakat fuqarolari hamda 12 mamlakatdan bo‘lgan 55 yoshga yetgan sayyohlar uchun viza tartibi bekor qilinadi.