O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov seshanba kuni Dushanbeda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon qabulida bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston rahbari matbuot xizmati xabar qildi. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari qo‘shni davlatga Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ishtirok etish uchun borgan edi.

Tomonlar iqtisodiyot, savdo, transport va kommunikatsiya, suv, energetika, madaniyat, chegaralarni himoyalash sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish holatlari va istiqbollari yuzasidan fikr almashib, mazkur jabhalarda aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha konstruktiv takliflarni ilgari surdi.

Uchrashuvda mintaqa va dunyodagi harbiy-siyosiy vaziyat, terrorizm, ekstremizm, narkotik vositalarning noqonuniy almashinuvi va boshqa transmintaqaviy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

Emomali Rahmon O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Tojikistonga tashrifini davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.

“Tojikiston o‘zbek tomonining ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaaloqalarni qayta tiklash to‘g‘risidagi tashabbusini ijobiy baholaydi, — deya qayd etdi Emomali Rahmon, — Mamlakatimiztemir yo‘ uchastkalarini qayta tiklash, temir yo‘l yuklari tariflarini kamaytirish, elektr energiyasi importi va eksportini qayta yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, viza tizimini bekor qilish va soddalashtirish hamda chegara masalalarini hal etish kabilarda munosabatlarning yanada yaxshilanishini qo‘llab-quvvatlaydi”.