O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 6-oktyabrda imzolanib, 12-oktyabrda Senat tasdig‘idan o‘tgan hujjat 27-dekabrdan kuchga kirdi.

Mazkur qonun mohiyati aholining hojatmand toifalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning umumiy talablari va asosiy yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, ushbu sohada davlat va nodavlat tashkilotlarining rolini oshirish, ijtimoiy himoya sohasi tizimidagi asosiy tushunchalarni belgilashga qaratilgan.

Qonun “ijtimoiy xizmatlar” tushunchasini “xizmatlar ehtiyojmand shaxslarga yordam ko‘rsatish, ularga boshqa fuqarolar bilan bir qatorda jamiyat hayotida ishtirok etish imkoniyatlarini yaratish va (yoki) ularning odatiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash bo‘yicha kompleks huquqiy, iqtisodiy, psixologik, ta’limiy, tibbiy, reabilitatsion va boshqa choralar” sifatida anglashni belgilaydi.

Yolg‘iz va o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi keksalar; I va II guruh nogironlari, nogiron bolalar; harakatlana olmaydigan yoki harakatlanishi cheklangan fuqarolar; ijtimoiy ahamiyatga molik kasallik bilan og‘rigan shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaromog‘isiz qolgan bolalar aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga kiritilgan.

Qonuniylik, inson huquqlariga rioya etish, insonparvarlik, ommaboplik, profilaktik, manzilli yo‘nalganlik va individual yondashuv hamda ko‘ngillilik ijtimoiy xizmatlarning asosiy tamoyillari etib belgilangan.

Ijtimoiy xizmatlar ijtimoiy hamrohlik qilish va konsultativ yordam, uyda parvarish qilish bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar, kunduzgi va (yoki) qisqa muddatda bo‘lishga mo‘ljallangan muassasalar hamda internat muassasalarida ijtimoiy xizmatlar shaklida taqdim etiladi.

Ijtimoiy xizmatlar shu kabi xizmatlarga ehtiyojmand shaxslarni aniqlash, ularning hayotiy holatini baholash, individual dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish (zarurat tug‘ilganida) hamda uning monitoringini olib borish yo‘li bilan taqdim etiladi.