19−23-dekabr kunlari Qarag‘andada (Qozog‘iston) boks bo‘yicha Qozog‘iston SSRda Xizmat ko‘rsatgan murabbiy Galima Jarilgapova xotirasiga bag‘ishlangan 33-xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Musobaqa ochilishida faxriy mehmon sifatida amerikalik afsonaviy bokschi kichik Roy Jons ishtirok etdi, deb xabar qildi O‘zbekiston Boks federatsiyasi “Gazeta.uz"ga.

Milliy ayollar terma jamoasi mazkur musobaqada olti nafar sportchi qiz bilan qatnashib, ikki kumush va to‘rt bronza medalini qo‘lga kiritdi.

51 kg gacha vazn toifasida Aziza Mamirova finalda Nazima Kizaybaydan (Olmaota) mag‘lubiyatga uchrab, musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritdi. Tursunoy Rahimova (O‘zbekiston) va Araylim Mayasar (Olmaota) bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

60 kg gacha vazn toifasida O‘zbekiston vakilasi, Olimpiada-2016 ishtirokchisi Yodgoroy Mirzayeva qozog‘istonlik Karina Abragimovadan mag‘lub bo‘lib, kumush medal bilan cheklandi. Rayxona Qodirova (O‘zbekiston) va Ayjan Xojabekova (Qozog‘iston) bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Qizlar o‘rtasida uchinchi vazn toifasida (75 kg gacha) Nafisa Asqarova va Gavhar Mirzayeva bronza medali bilan cheklandi. Birinchi va ikkinchi o‘rinlarni mos ravida qozog‘istonlik Violetta Knyazeva va Akerke Baxitxan egalladi.