O‘zbekistonning madaniyat va istirohat bog‘lari, maydon va xiyobonlarida Yangi yil bayrami tadbirlari boshlandi, deb xabar qildi O‘zA. Mustaqillik maydoni, ko‘chalar, ko‘plab bog‘lar o‘yinchoqli archalar bilan bezatildi.

Shayxontohur tumanidagi «Lokomotiv-Anhor» bog‘i yonidagi maydonda katta bayram tomoshalari tashkil etildi. Maydon markazidagi balandligi 26 metr, aylanasi 7 metrdan ortiq archaga minglab shar va o‘yinchoqlar, kamalakrang chiroqlar zeb berib turibdi.

Bayramona muhitni yaratishda O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, «O‘zbeknavo» estrada, «O‘zbekteatr», «Kamolot» YOIH, «Toshshaharnur», O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va boshqa ko‘plab tashkilot va birlashmalar munosib hissa qo‘shdi.

Maydonga qo‘shimcha archalar, savdo shoxobchalari, o‘yin maydonchalari, arg‘imchoqlar, attraksionlar, o‘yin qurilmalari o‘rnatilgan. Ulkan ekranlarda ijtimoiy videolavhalar, multfilmlar namoyish etilmoqda.

Maydondagi sahnada O‘zbek Milliy akademik drama teatrining «Semurg‘» tomoshasi bolajonlar e’tiboriga havola etilmoqda. Rang-barang konsertlar, turli intellektual o‘yinlar o‘tkazilib, qiziqarli tomoshalar qo‘yilmoqda.

Yangi yil bayramiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan-musiqiy tadbirlar Xadra maydoni, Yunusobod tumani Sayilgoh maydoni, Chilonzor tumani «Algoritm» dahasidagi «Roison Electronics» korxonasi oldi maydoni, Yashnobod tumani «Aviasozlar» shaharchasi maydoni, Mirzo Ulug‘bek tumani «Lokomotiv» bog‘i, Sergeli tumani «Baxt diyori» guzari oldidagi maydon hamda Bektemir tumani «Quyoshcha nuri» madaniyat va istirohat bog‘larida o‘tkazilmoqda. Bu yerda «Zumrad shaharcha sehrgari», «Baxt kaliti», «G‘aroyib qush», «Qor malikasi» va boshqa ko‘plab spektakllar bilan birga rang-barang musiqiy dasturlar, o‘yin va viktorinalar, qiziqarli sahna ko‘rinishlari, sirk ustalarining dasturi tomoshabinlarga taqdim etilmoqda.

Foto