Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) O‘zbekiston bilan Samarqand shahrida maishiy qattiq chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha doirasida 23,5 mln yevro miqdoridagi kredit berilishi to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu haqda Fransiya elchixonasi xabar qildi. Mazkur moliyalashtirish O‘rta Osiyo uchun Investitsion jamg‘arma (IFCA) doirasida beriladigan Yevropa Ittifoqining 8 mln yevro miqdoridagi subsidiyasi bilan to‘ldiriladi.

19-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan imzolash marosimi O‘zbekiston moliya vaziri Botir Xodjayev, FTA Osiyo davlatlari boshqarmasi boshlig‘i Paskal Pako, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Violen Biyet de Vilmor xonim, FTAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Rafael Jozan va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Hamkorlik bo‘yicha boshlig‘i Ovidiu Mik ishtirokida o‘tkazildi.

Loyiha Samarqand shahrida eng ilg‘or tajribalar va jahon andozalariga muvofiq maishiy chiqindilarni samarali va uzoq muddatli yaxlit boshqarishning yaratilishiga qaratilgan. Loyiha chiqindilarni boshqarishning barcha ishlari va barcha zanjirlarini, ularni yig‘ish, qayta ishlash va utilizatsiya qilishni moliyalashtirishni qamrab oladi.

Jumladan, 200 ta chiqindi yig‘ish punktlarini qurish va ta’mirlash, 70ta chiqindi yig‘ish transportini xarid qilish, qattiq maishiy chiqindilarni sortirovka qilish markazi va ularni ko‘mish markazini, shuningdek axlatxonada ajraladigan biogazni qayta ishlash bo‘yicha bioreaktor bo‘lib ishlaydigan uskunalarni o‘rnatish belgilangan.

Bundan tashqari, loyiha mutaxassislarni tayyorlash, Samarqand shahar hokimiyatiga va chiqindilarni yig‘ishtirishga ixtisoslashgan “Maroqand Obod” shahar korxonasiga institutsional yordam ko‘rsatish, shuningdek aholiga maishiy chiqindilarni boshqarishga taalluqli ma’lumot berish bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.

Loyiha bo‘yicha ko‘zda tutilgan maishiy qattiq chiqindilarni texnik ko‘mish markazi biogaz ishlab chiqaruvchi bioreaktor sifatida foydalanilib, olingan gaz gaz chiqindilarni yig‘ish transportlariga quyiladi. Mazkur yaxlit loyiha nafaqat O‘zbekistonda, qolaversa butun O‘rta Osiyo mintaqasida birinchi hisoblanadi.

O‘zbekistonda har yili 100 mln tonna sanoat va 35 mln kub metr maishiy qattiq chiqindi hosil bo‘ladi. Hududlarda chiqindilarni yo‘q qilish va qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy korxonalar yetishmovchiligi sababli mamlakatda 2 mlrd tonna chiqindilar yig‘ilib qolgan.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) — bu Fransiya hukumati tomonidan belgilangan rivojlantirish siyosatini amalga oshirib kelayotgan davlat moliya institutidir.