Samarqandda 24-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.

Prezidentlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator muammolar yuzasidan fikr almashdi.

Tomonlar ekstremizm va diniy aqidaparastlik mintaqa barqarorligiga xavf solayotganiga e’tibor qaratdi. Bunday xavf-xatarlarga qarshi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalasini muhokama etish chog‘ida ushbu jafokash zaminda tinchlik va osoyishtalikka erishish butun mintaqada xavfsizlikni ta’minlash, istiqbolli transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish, iqtisodiyotni yanada taraqqiy ettirish uchun muhim omil hisoblanishi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish zarurligini ta’kidladilar.

Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida 2016−2017-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi yangi shakldagi siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Ushbu masalalar muhokamasida 2016-yilning o‘tgan davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 23 foiz o‘sganiga qaramasdan, bu ko‘rsatkich yetarli darajada emasligi va ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlariga mos kelmasligi qayd etildi.

Prezidentlar ikki yil davomida tovarlar turini tubdan kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini 500 million dollargacha ko‘paytirish choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidladilar.

Shavkat Mirziyoyev buning uchun Qirg‘izistonga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, yengil va yuk avtomobillari, avtobuslarni tizimli asosda yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, qirg‘izistonlik sheriklarga azot, fosfor, kaliy va murakkab kompleks o‘g‘itlar, elektrotexnika mahsulotlari — transformatorlar, barcha turdagi kabel-o‘tkazgich mahsulotlar, maishiy texnika, shuningdek, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, preparatlar, mebel, o‘quv-laboratoriya jihozlari va boshqa sanoat mahsulotlari yetkazib berish taklif etildi.

Qirg‘iziston tomoni, o‘z navbatida, O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan tovarlar turini qayta ko‘rib chiqishi ta’kidlandi. Shu maqsadda ikki mamlakatning tegishli tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish zarurligi qayd etildi.

Mintaqada samarali transport yo‘llarini rivojlantirish iqtisodiy hamkorlikning strategik yo‘nalishi hisoblanadi. Masalan, Markaziy Osiyoni Qirg‘iziston hududi orqali Xitoy bilan bog‘laydigan qisqa temir yo‘l nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqaning tranzit salohiyatini sezilarli ravishda oshirish imkonini beradi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mutaxassislari Qirg‘iziston hududida bunday yo‘nalishni loyihalashtirish va qurishda ishtirok etishiga tayyor ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi sahifalarini ochishiga ishonch bildirdilar.