Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni Galina Melnikovaga “O‘zbekiston Respublikasi Xalq artisti” faxriy unvonini berish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Shu kuni Milliy teleradiokompaniyaning taniqli suxandoni 80 yoshini qarshi oldi.

Hujjatda qayd etilishicha, faxriy unvon “O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasidagi ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati, diktorlik san’atini rivojlantirish, xalqimizning ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun” berildi.

Galina Melnikova — oliy toifali suxandon, televideniyeda 1956-yil 26-dekabrdan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ko‘p yillar davomida “Axborot” informatsion dasturida boshlovchilik qilgan, turli tantanali marosimlarni olib borgan.