O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni mamlakatga ishchi tashrif bilan kelgan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston rahbari va xalqini mazkur mamlakat mustaqilligining 25 yilligi bilan tabrikladi. U O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘rtasidagi ishonchli va mazmundor aloqalar har ikki mamlakat va qardosh xalqlarning uzoq muddatli manfaatlariga muvofiq kelishini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat yaqin qo‘shni va vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlar sifatida bir-biri va butun Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik, barqaror iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlashdan birdek manfaatdor ekani qayd etib o‘tildi.

Qozog‘istonning 2017−2018-yillarda BMT Xavfsizlik kengashining nodoimiy a’zoligiga saylangani Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlarining global miqyosda qo‘llab-quvvatlanishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Shavkat Mirziyoyev va Yerlan Idrisov O‘zbekiston-Qozog‘iston kun tartibidagi barcha yo‘nalishlar, eng avvalo savdo-iqtisodiy, investitsion va transport-kommunikatsiya sohalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi. Mintaqadagi eng yirik savdo hamkorlari hisoblangan O‘zbekiston va Qozog‘iston mazkur sohada munosabatlarni chuqurlashtirish va kengaytirish, mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor ekani aytib o‘tildi.