Chorshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan press-klub shaklidagi uchrashuvda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan 2017-yilda davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotda ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhokama qilindi.

Tadbir Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (EOAVMA) tomonidan Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda hukumat va xalq bilan aloqalarning yangi shakl va muloqot platformalari, shuningdek, prezidentlik saylovini yoritish uchun tashkil etilgan press-klubning kelgusi taqdiri muhokama etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov press-klubning kelgusi faoliyati qanday yo‘nalishda rivojlanishi lozimligi haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

“Press-klub g‘oyasi o‘zini oqladi. Ishonamanki, u davom ettiriladi. Men klubni [axborot] almashish uchun mustaqil media maydoncha sifatida ko‘rayapman. U davlat organlari, biznes tuzilmalar, OAV va nodavlat tashkilotlar vakillari o‘rtasidagi ijtimoiy hamkorlik uchun platforma bo‘lishi lozim. Va nihoyat, O‘zbekistonning yangi imidjini shakllantirishda ko‘maklashuvchi minbarga aylanishi zarur”.

YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat mamlakatda o‘tkazilayotgan demokratik islohotlarni baholashda OAVning ahamiyatini qayd etib o‘tdi.

“Biz hayotimizning turli sohalaridagi vaziyatlarni tanqidiy tahlil qiladigan hamda jurnalistik surishtiruvlarni o‘tkazadigan OAVga, jurnalistlarga muhtojmiz. Bu xalq uchun ham, davlat uchun ham muhim”, — dedi u.

UzReport TV bosh direktori Ravshan Jo‘rayev kelgusi yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar to‘g‘risida so‘zlab berdi:

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida hukumatning turli tarmoqlari bilan muloqot uchun imkoniyat yaratish maqsadida UzReport TV kanalida bir qancha tok-shoularni o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz. Bu hududlardagi odamlarga savollarini beradigan teleko‘prik bo‘lishi mumkin. O‘ylaymanki, bu hukumat organlariga ishonchni oshirishga xizmat qiladi, ular ishini yanada ochiqroq qiladi”.

EOAVMA raisi Firdavs Abduholiqov matbuot vakillarini ishga an’anaviy yondashishdan voz kechishga chaqirdi:

“OAV butunlay boshqacha bo‘ladi, biz O‘zbekistonda so‘z erkinligini yangi darajaga ko‘tarishni maqsad qilganmiz. Gazeta va televideniyening an’anaviy shakllaridan voz kechish kerak — ular eskirdi. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, bizning jamiyat axborotlashgan. Faqatgina an’anaviy OAV davlat va xalq o‘rtasida „ko‘prik“ bo‘lishi haqida gapirish — noto‘g‘ri. Biz xalqaro standartlarga javob beradigan va eng muhimi — xalqimiz qabul qiladigan yangicha media formatlarni qidirish haqida o‘ylashimiz lozim. O‘zbekistonda aholining 60 foizi — yoshlar, ular uchun internet va ijtimoiy tarmoqlar an’anaviy OAV hisoblanadi”.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev press-klub hukumat va aholi o‘rtasida barqaror aloqani o‘rnatish salohiyatiga ega ekaniga ishonch bildirdi.

“Press-klub — aholi va hukumat o‘rtasidagi aloqa barqaror va interaktiv bo‘lishi uchun yaxshi baza. Biz hukumatning turli tarmoqlari vakillari sifatida allaqachon namoyish etib bo‘lingan muloqotga tayyorligimizga sizlarni ishontirishni xohlaymiz. Xalq ham tayyor — bosh vazirning virtual qabulxonasiga bir nazar tashlang! [Murojaatlarda] nafaqat shaxsiy, balki tizimli, siyosiy va iqtisodiy masalalar ham ko‘tarilmoqda”.

Uchrashuv ishtirokchilari “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da OAV oldida turgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan birgalikda ishlashga kelishib olindi.