Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) “Qalmaqir” konidagi asosiy xom ashyo bazasini kengaytiradi.

Korxona ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha mis karerasida rudalarni qayta ishlash hajmini kengaytirishni ko‘zda tutadi. Shu orqali 2017-yilda qo‘shimcha ravishda 4 mln tonna ko‘proq xom ashyo qayta ishlanadi. Rossiyaning “Tyajmash” AJ (Sizran) texnologik qurilmalarni yetkazib beradi.

Umumiy qiymati 75,2 mln dollar bo‘lgan loyiha O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 28 mln dollarlik krediti, O‘zbekiston banklari kreditlari hamda OTKMK xususiy mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Yil boshida OKMK 118 mln dollarlik to‘yintiruvchi majmua modernizatsiyasini yakunladi. Bunda ham qurilmalar 2012-yil oxirida imzolangan 73,9 mln dollarlik shartnoma doirasida “Tyajmash” tomonidan yetkazib berilgan edi.

OKMK — O‘zbekistondagi yagona mis ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. “Qalmaqir” konida esa 1954-yildan buyon mis rudalari qazib olinmoqda. Uning loyihaviy quvvati yiliga 31,5 mln tonna rudani tashkil etadi. Korxona tozalangan mis, metall rux, qo‘rg‘oshin konsentrati va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Respublikada ishlab chiqarilayotgan kumushning 90 foizi, oltinning esa 20 foizi OKMK hissasiga to‘g‘ri keladi.