O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan taklif etilgan Jizzax viloyati Jizzax tumanining nomini Sharof Rashidov tumani deb o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani muhokama qildilar. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Deputatlar masalani har tomonlama muhokama qilgandan keyin hukumat taklifi, keng jamoatchilik muhokamasi jarayonida bildirilgan fikr va takliflarni umumlashtirish materiallari, geografik ob’ektlarga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish masalalari bo‘yicha hududiy va respublika komissiyalari tomonidan tayyorlangan xulosalar asosida Jizzax tumanining nomini Sharof Rashidov tumani deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu hujjat ma’qullash uchun Senatga yuborildi.