«Obod» Rauf Inileyev bilan shartnoma imzoladi

Toshkentning «Obod» futbol klubi bosh murabbiy Rauf Inileyev bilan bir yil muddatga shartnoma imzoladi. 2013 yilda tashkil topgan jamoa o‘tgan mavsumda uch marotaba bosh murabbiyni almashtirdi va kampaniya yakunlari bo‘yicha 14-o‘rinni egallagan holda birinchi divizionga tushib ketishmaslikning uddasidan chiqdi.

Inileyev O‘zbekiston terma jamoasi bilan ishlagan vaqtda (2007−2008) «Osiyoning eng yaxshi murabbiyi» nomiga sazovor bo‘lgan edi. 66 yoshli mutaxassis o‘z ishiga kirishib ulgurdi.

«Olmaliq» yangi murabbiyni tanishtirdi

53 yoshli rossiyalik mutaxassis Viktor Kumikov «Olmaliq"ni sakkiz yil davomida boshqargan Igor Shkvirin o‘rniga bosh murabbiy bo‘ldi.

Kumikov Qozog‘istonning «Shaxtyor» jamoasini boshqargan yillarda (2011−2014) bosh murabbiy sifatida eng yaxshi natijalarni qayd etgan. Uning rahbarligi ostida Qarag‘anda jamoasi ikki marotaba mamlakat chempionatida g‘olib bo‘ldi, tarixda birinchi marta Chempionlar ligasi pley-off raundi va Yevropa Ligasi guruh raundiga qadar yetib bordi.

Javlon Guseynov «Chaynat Xornbil» o‘yinchisi bo‘ldi

«Andijon» o‘yinchisi Javlon Guseynov o‘z faoliyatini Tailandning «Chaynat Xornbil» jamoasida davom ettiradi.

O‘zbekistonlik futbolchi o‘tgan mavsumda 17-o‘rinni qo‘lga kiritib, birinchi ligaga tushib ketgan «Xornbil» bilan shartnoma imzoladi.

25 yoshli Guseynov avval «Olmaliq», «Neftchi», «Andijon» jamoalari tarkibida o‘yinga tushgan, bir necha marotaba O‘zbekiston termasi uchun ham o‘ynagan.

Igor Sergeyev Toshkentga qaytdi

O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev «Paxtakor» tarkibida mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

Sergeyev o‘tgan mavsumning ikkinchi qismini «Beyszin Goan"da ijarada o‘tkazdi va jamoaning asosiy tarkibidan mustahkam o‘rin egallay olmadi. Sergeyev uch marotabagina 90 daqiqadan o‘ynab, o‘nta o‘yinda bittagina gol ura oldi (Whoscored statistikasi).

Xitoy klubi shartnomani uzaytirmadi va 23 yoshli hujumchi Toshkentga qaytdi.

Gap-so‘zlarga qaraganda, «Beyszin Goan» Italiyaning «Yuventus» jamoasiga xorvatiyalik Mario Manjukich uchun 35 mln yevro taklif etmoqda.

Fozil Musayev Yaponiyadagi birinchi O‘zbekiston futbolchisiga aylandi

«Nasaf» hujumchisi Fozil Musayev Yaponiyaning J1 ligasida faoliyatini davom ettiradi. Futbolchi «Jubilo Ivata» bilan shartnoma tuzdi.

27 yoshli o‘yinchi Yaponiyada o‘ynagan birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldi.

«Yaponiya klubi tarkibida o‘ynagan birinchi o‘zbekistonlik futbolchi bo‘lganimdan juda xursandman. Umid qilamanki, o‘zimni eng yaxshi tomondan ko‘rsataman. Mazkur transfer o‘zbek futbolini rivojlantirishga ham yordam beradi, deb hisoblayman», — dedi Musayev «Jubilo Ivata» rasmiy saytiga bergan intervyusida.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi materiallari asosida tayyorlandi.