O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 12-dekabrdagi qarori bilan Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Unda tumanning arxitekturaviy qiyofasini o‘zgartirish va ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Dasturga muvofiq, Muhammad Yusuf ko‘chasi bo‘ylab mavjud ikki qavatli uylarni buzish hisobiga yer osti avto turargohi hamda ijtimoiy va savdo ob’ektlari bo‘lgan 30 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Loyihaning yakuniy qiymati — 250 mlrd so‘m. Ushbu ko‘cha bo‘ylab qiymati 5 mlrd dollar bo‘lgan yetti qavatli uy ham barpo etiladi. 2017-yilda Parkent ko‘chasida 20 ta ko‘p qavatli uy quriladi, loyiha 160 mlrd so‘mga baholangan.

Asaka, Mustaqillik, Oqqo‘rg‘on ko‘chalari, Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasi, S-1 va “Feruza” mavzelari, Qalandar va Sayram, G‘ulomov va Borodinskiy, Shahrisabz va Mustaqillik, Lashkarbegi va Riyoziy ko‘chalari kesishmalarida — jami 17 ga yaqin loyiha bo‘yicha turar-joy binolari barpo etilishi kutilmoqda.

Qarorga muvofiq, 20 dan ziyodroq loyiha bo‘yicha ma’muriy va tijoriy ko‘chmas mulk ob’ektlari qurilishi rejalashtirilgan.

Buyuk ipak yo‘li va Gulsanam ko‘chalari kesishmasida kelgusi yilda qiymati 9 mlrd so‘m bo‘lgan “Navro‘z dehqon bozori” bozori quriladi.

Tuman aholisi uchun yangi sayr zonasi barpo etiladi. 2018 yilga qadar Salar anhori yoqasi obodonlashtirilib, xiyobon barpo etiladi. Mazkur maqsad uchun 5 mlrd so‘mlik bank kreditlari ajratiladi.

Olti mahalla uch yil davomida yangi guzarga (madaniyat markazi) ega bo‘ladi, 17 ta guzar rekonstruksiya qilinadi, 13 tasi kapital ta’mirlanadi. Mazkur loyihalar uchun 4 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Tuman ahamiyatiga ega qariyb 100 ta ko‘cha 5,3 mlrd so‘mga, ichki mavze yo‘llarining 52 ta uchastkasi 5,8 mlrd so‘mga ta’mirlanadi. Tumandagi barcha ko‘chalarga 12,1 mingta yangi energiya tejovchi chiroqlar o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, xomiylarning 5 mlrd so‘mdan ziyodroq mablag‘lari hisobidan “Oltintepa” masjidi rekonstruksiya qilinadi.