O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovning shafqatsiz suiqasd natijasida halok bo‘lganligi munosabati bilan samimiy hamdardlik bildirdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

«Biz har qanday shakl va ko‘rinishdagi terrorizm va ekstremizm harakatlarini qattiq qoralaymiz, — deb qayd etilgan davlatimiz rahbari maktubida. — Mazkur fojia hozirgi zamonning shunday noinsoniy tahdidlariga qarshi kurashish uchun xalqaro hamjamiyatning barcha kuchlarini birlashtirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ushbu qayg‘uli kunlarda O‘zbekiston Rossiya xalqi bilan har tomonlama birdamligini bildiradi».

Davlat rahbari Rossiya diplomatining oila a’zolariga va yaqinlariga chuqur hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazib qo‘yishni so‘radi.