O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 13-dekabrdagi qarori bilan 2017−2019-yillarda Namanganning yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Mazkur davr mobaynida shaharning beshta ko‘chasining umumiy uzunligi 18 kilometr bo‘lgan uchastkalari kapital ta’mirlanadi. Loyiha qiymati 35,2 mlrd so‘mni tashkil etib, Respublika yo‘l jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.

Namangan magistral suv quvurining 19,7 km qismi 16,2 mlrd so‘m hisobidan rekonstruksiya qilinadi. Shaharda 10 km dan ziyod kanalizatsion tizim quriladi — loyiha 7,9 mlrd so‘mga baholangan. Mazkur ishlar shahar davlat byudjeti tomonidan amalga oshiriladi.

Namangan viloyati ma’muriy markazidagi qator nim stansiyalar transformatorlari va elektr uzatish tarmoqlarini “O‘zbekenergo"ning 3,9 mlrd so‘mlik mablag‘i hisobidan, “O‘ztransgaz” ajratadigan 5,6 mlrd so‘m evaziga esa 20,5 km lik gaz quvurlari rekonstruksiya qilinadi.

“O‘zbektelekom” tomonidan ajratiluvchi 729 mln so‘m evaziga mavjud kabel tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha ravishda 18 km optik va mis kabellari yotqiziladi.