20-dekabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Rossiya Federatsiyasining Toshkent shahridagi elchixonasiga tashrif buyurdi, deb xabar qildi O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi matbuot xizmati.

TIV rahbari suiqasd natijasida Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovning fojiaviy halok bo‘lganligi munosabati bilan elchi Vladimir Tyurdenevga ta’ziya izhor etdi va marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazib qo‘yishni so‘radi hamda Hamdardlik kitobiga qayd kiritdi.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham rossiyalik hamkasblariga hamdardlik bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur suiqasd zamonaviy terrorizmning barcha mohiyati — razillik, o‘zining siyosiy pozitsiyasini ifoda etish uchun himoyasiz, qurolsiz kishining ortidan otuvchi qo‘rqoqlik yaqqol ko‘rinib turibdi.