Xitoyning Zhuhai Singyes Green Building Technology kompaniyasi Samarqand viloyatida Markaziy Osiyodagi birinchi fotoelektr stansiya qurilishi bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘ldi.

“Zhuhai Singyes Green Building Technology kompaniyasi Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha bosh pudratchini tanlash yuzasidan tender savdolarida g‘olib deb topildi”, — xabar qildi “O‘zbekenergo” kompaniyasi.

Kristall fotoelektr elementlar bazasida geliostansiya qurish bo‘yicha tender savdolari boshlangani to‘g‘risida 2014 yil oktyabrida e’lon qilingan edi. Stansiya qurilishi ikki yilni tashkil etishi mumkin. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha konsalting xizmatlarini Germaniyaning GOPA International Energy Consultant, Suntrace va Renewables Academy konsorsiumi ko‘rsatadi.

“O‘zbekenergo” rejasiga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi birinchi geliostansiya yiliga 200 million kVt.s elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Umumiy qiymati 275 mln dollar bo‘lgan loyiha Osiyo taraqqiyot banki krediti hamda O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 110 mln dollarlik mablag‘lari, shuningdek, “O‘zbekenergo"ning 55,8 mln dollarlik xususiy mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

2020-yilga borib O‘zbekistonda umumiy quvvati 300 MVt bo‘lgan yana uchta geliostansiya qurilishi rejalashtirilmoqda. Samarqand viloyatidan tashqari, shuncha quvvatga ega geliostansiyalar Namangan va Surxondaryo viloyatlarida ham barpo etiladi. Stansiyalarning jami qiymati 450 million dollarga baholanmoqda.