General-mayor Muidjon Toxiriy O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi, deb xabar bermoqda DBQ sayti. Bunga qadar Muidjon Toxiriy Prezident xavfsizligi xizmatini boshqargan.

DBQ rahbari lavozimida 2011-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Zohid Dusanov esa Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i lavozimiga qaytdi (u mazkur lavozimda 2008−2011-yillarda ishlagan). Zohid Dusanov general-mayor Shuhrat Uzakov o‘rnini egalladi.