O‘zbekistonda 10-noyabrdan 10-yanvargacha yo‘l harakati xavfsizligi kunlari o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirning birinchi oyi davomida 1000 dan ziyod yo‘l belgilari o‘rnatilib, eskirgan 1400 ga yaqini almashtirildi, deb xabar berdi O‘zA.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bolalar ko‘p harakatlanadigan 3000 km dan ortiq piyodalar yo‘lakchalari va yo‘llar tekshirildi.

Mamlakatning barcha hududlarida 1000 dan ziyod maxsus guruhlar tashkil etilib, ular tomonidan 4000 dan ortiq reydlar o‘tkazildi.

53,6 mingdan ortiq avtomobillar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, natijada 861 ta texnik nosozlik aniqlandi.

Xabar qilinishicha, ichki ishlar organlari xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari mahallalar, o‘quv muassasalari, korxona va tashkilotlarda uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

“Olib borilgan tadbirlar natijasida YTH va yo‘l-transport hodisalari oqibatida jarohat olgan kishilar soni sezilarli darajada qisqardi”, — deyiladi xabarda aniq raqamlar keltirilmagan holda.