15-dekabr kuni Kuala-Lumpurda (Malayziya) Osiyo futbol konfederatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasining 32-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish doirasida O‘zbekistonning ikki vakiliga sanksiya qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deb xabar qildi OFK matbuot xizmati.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-16 terma jamoasi va “Bunyodkor” hujumchisi Abdulxay Ismoilov doping iste’mol qilgani uchun bir yilga futboldan chetlatildi. Ismoilovdan Hindistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati vaqtida olingan qon namunasi ijobiy natija ko‘rsatdi.

OFK qaroriga binoan, sportchining 2016-yil 3-noyabrdan 2017-yil 2-noyabrgacha futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlandi. Namunada taqiqlangan modda, uning metobolitlari va markerlari mavjudligi qaytadan aniqlangan taqdirda, futbolchiga yanada og‘ir jazo qo‘llaniladi.

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston termasi va Toshkentning “Ardus” jamoasi o‘yinchisi Davron Choriyev esa 1500 dollar miqdorida jarimaga tortildi. Futzalchi OFK tartib-intizom qoidalarining 66.1- “Qarorga rioya qilmaslik” punktini buzgan.

Choriyevga 30 kun davomida jarimani to‘lash yuklatildi. Qoidabuzarlik takrorlangan taqdirda, 3000 dollar miqdoridagi yanada yirikroq jarima qo‘llaniladi. O‘yinchi futzaldan chetlatilishi va diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.