Buyuk Britaniya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Alan Dunkan davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar berdi O‘zA.

Alan Dunkanning ta’kidlashicha, uning mamlakati O‘zbekistonning yangi rahbariyati bilan O‘zbekiston — Britaniya o‘rtasidagi serqirra hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston — Buyuk Britaniya hamkorligining barcha yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Ayni paytda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida Buyuk Britaniya kapitali ishtirokida tuzilgan 544 korxona faoliyat yuritmoqda.

Tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holatini, jumladan, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, Kembrij universiteti ishtirokidagi Yuqori texnologiyalar markazi hamda Britaniya kengashi vakolatxonasining faoliyatini yuqori baholadi. O‘zbekistonda, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ingliz tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani inobatga olinib, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.