17-dekabr kuni Abu-Dabida (BAA) Osiyo boks konfederatsiyasi (OBK) Ijroiya qo‘mitasining har yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish doirasida kadrlar masalasi ham ko‘rib chiqildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Boks federatsiyasi “Gazeta.uz"ga.

Foto: fb.com/ASBC.Boxing.

Qo‘mita a’zolari kadrlarni tayinlash, yil yakunlari, 2017-yilda mintaqaviy sport tadbirlarini tashkil etish hamda moliyaviy masalalarni muhokama etdi.

O‘zbekiston Boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov OBK vitse-prezidenti etib tayinlandi. Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari-2020 da Osiyo konfederatsiyasi tibbiy komissiyasi bilan hamkorlik olib borish va faoliyatini muvofiqlashtirish uning asosiy vazifalari qatoridan o‘rin olgan.

19−20-dekabr kunlari Lozannada (Shveysariya) Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi (AIBA) Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Unda OBK Ijroiya qo‘mitasi a’zolari ham ishtirok etadi.