15-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA.

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev va qardosh Qozog‘iston xalqini tarixiy sana — Qozog‘iston davlat mustaqilligining 25 yilligi bilan samimiy tabrikladi.

O‘z navbatida Qozog‘iston O‘zbekiston rahbarini O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga kirishgani bilan muborakbod etdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston -Qozog‘iston hamkorligini rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan qator mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Davlat rahbarlari o‘zaro hamkorlikning barcha sohalari bo‘yicha amaliy, ishonchli va ochiq muloqotni davom ettirishga qat’iy ishonch bildirdilar.

Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevni o‘ziga qulay vaqtda Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan kelishni taklif etdi.

Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi. Suhbat an’anaviy do‘stlik, hamfikrlik, o‘zaro hurmat va samimiyat ruhida o‘tdi.