Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori o‘zgardi. OTMga 46 yoshli tibbiyot fanlari doktori va professor Laziz To‘ychiyev rahbar bo‘ldi.

Laziz To‘ychiyev rektor etib tayinlangunga qadar 2014-yil yanvaridan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Yangi rektor — Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi — Toshkent tibbiyot akademiyasi) davolash fakulteti bitiruvchisi. Shu yerda 1993-yildan 2010-yilga qadar faoliyat ko‘rsatgan.

2010-yilda Laziz To‘ychiyev Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitar-epidemiologik nazorat bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi, 2012-yildan esa Epidemiologiya, mikrobiologiya va infeksion kasalliklar ITIga rahbarlik qildi.

Bunga qadar Toshkent tibbiyot akademiyasini 71 yoshli O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, Fanlar akademiyasi akademigi, tibbiyot fanlari doktori, professor, 1991−1998-yillarda sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlagan Shavkat Karimov o‘n yildan ziyodroq vaqt mobaynida boshqargan.

Vazir o‘rinbosari lavozimidan ozod qilingan Laziz To‘ychiyev o‘rniga13-dekabrga qadar O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi va bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Elmira Basitxonova tayinlandi.