O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 13 dekabrda bo‘lib o‘tgan sakkizinchi yalpi yig‘ilishida 2017-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Parlament yuqori palatasi axborot xizmatining “Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, kelgusi yilda YAIMning 7,8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,9 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 6,2 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmi 9,6 foizga o‘sishi taxmin qilinmoqda.

Asosiy e’tibor chuqur tarkibiy islohotlarga va muhandislik, yo‘l-transport hamda ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirishga, shuningdek, mintaqalarning daromad bazasini oshirish orqali byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga yo‘naltirilgan faol investitsiyaviy siyosat olib borishga qaratilgan.

Soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari iqtisodiyotga tushadigan soliq yukini yalpi ichki mahsulotga nisbatan joriy yildagi 20,2 foizdan 18,9 foizga kamaytirishni, soliq ma’murchiligining shaffofligini ta’minlash orqali uni yaxshilashni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.

Soliq tizimining barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning (foyda solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, yagona soliq to‘lovi, qo‘shimcha qiymat solig‘i va jismoniy shaxslarning daromad solig‘i, yagona ijtimoiy to‘lovning) stavkalarini saqlab qolish taklif etilmoqda.

byudjet tashkilotlari xodimlari oylik ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdorlarini inflyatsiya darajasidan ortiq darajada oshirish nazarda tutiladi.

2017-yilgi ijtimoiy xarajatlar davlat byudjeti barcha xarajatlarining 59,7 foizini tashkil etadi.

Iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan xarajatlar YAIMga nisbatan 2,2 foiz miqdorida bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Shu tariqa u joriy yilga nisbatan 19,5 foizga oshadi, bu esa keyinchalik byudjetning daromad bazasi oshishini ta’minlaydi.