O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini tavsiya etar ekan, uning mazkur yuqori lavozimga munosib ekanini tasdiqlovchi bir qator sifatlarni qayd etib o‘tdi. O‘zA davlat rahbari nutqidan iqtiboslarni keltirdi.

“Biz bu masala bo‘yicha juda ko‘p o‘ylab, tegishli maslahatlar qildik. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbariyati va faollari bilan ham atroflicha maslahatlashdik, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — O‘tkazilgan muhokamalarda bildirilgan barcha fikr-mulohazalarni e’tiborga olgan holda, men ushbu lavozimga ham amaliy sohada, ham markaziy idoralarda ko‘p yillik boshqaruv tajribasiga ega bo‘lgan, 11 yil davomida Bosh vazirning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini tavsiya etaman”.

Deputat va senatorlarni Abdulla Aripov tarjimai holi bilan tanishtirar ekan, Shavkat Mirziyoyev nomzodning kasb malakasi, bilim va tajribasi, insoniy fazilatlari haqida gapirdi.

“Barchamiz yaxshi bilamiz, hozirgi paytda butun dunyoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari davri. Bu soha soat sayin shiddat bilan rivojlanmoqda. Hozirgi kunimiz va kelajagimizni, bu soha rivojisiz tasavvur qilish mumkin emas. Bugungi kunda mamlakatimizda „Elektron hukumat“ tizimiga o‘tish borasida juda katta ishlar boshlangan va ularni bosqichma-bosqich mantiqiy davom ettirish muhim vazifa sifatida kun tartibida doimiy tarzda turadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi qanchalik rivoj topgani sari, uning afzalligi va qulayliklaridan foydalanish bilan bir qatorda, butun mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb masalaga aylanib bormoqda”, — qayd etdi u.

Shu bilan bir qatorda, keyingi ikki oy davomida Bosh vazirning elektron portaliga tushgan 270 mingdan ortiq murojaat, shuningdek, yangi tashkil etilayotgan “Xalq qabulxonalari"ga bo‘ladigan murojaatlarning yechimi bo‘yicha ham aniq va tezkor ish tizimini yaratish talab etiladi. Bu ishlarga hukumat rahbarining shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lishi zarur, dedi Prezident.

“Abdulla Aripovning bevosita xizmat vakolatiga kirmaydigan qo‘shimcha vazifalarni ham topshirib, bu insonni ko‘p marotaba har tomonlama sinovdan o‘tkazganman. Bu kishining yurtimizda bormagan viloyat, shahar yoki tumani, kirmagan dalasi, qurilish, madaniy-maishiy, savdo ob’ektlari qolmagan. Shuning uchun mamlakatimiz hududlaridagi shart-sharoitni, muammo va masalalarni juda yaxshi biladi. Eng asosiysi, borgan va ko‘rgan joyidagi masalani o‘zi mustaqil hal qiladi, agar o‘zi yecholmasa, aniq taklif beradi”, — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Abdulla Aripovning xushmuomalaligi, odamlar bilan til topisha olish qobiliyati, muammo va masalani eshitish va negiziga yetib, uning yechimi bo‘yicha adolatli qaror qabul qilish salohiyatini alohida ta’kidladi.

“Abdulla Aripov bugungi kunda oldimizda turgan juda katta masalalarni hal etishda, ya’ni mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashni yangi bosqichga ko‘tarish, qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali asosda tashkil etish, Bosh vazir o‘rinbosarlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, barcha darajadagi hokimliklar rahbarlari bilan bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihat bo‘lib ishlash salohiyatiga ega. U o‘ziga yuklatilgan har qanday topshiriqqa, katta yoki kichik demasdan, bir xil mas’uliyat bilan yondashadi, so‘zsiz bajarish va mantiqiy yakuniga yetkazish choralarini ko‘radi”, — qayd etdi davlat rahbari.

“Yana bir olijanob xislati — halolligi, odamlarga doimo hurmat bilan qarashi, ularning dardiga darmon bo‘lishga intilishi, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatidir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oliy Majlis palatalari 14-dekabr kuni Abdulla Aripovni O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.