O‘zbek shifokorlarining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ekspertlari bilan birgalikda olib borgan tadqiqotlari natijasida O‘zbekistonda osh tuzi iste’moli darajasi me’yoridan yuqori ekani aniqlandi.

2015-yil noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston aholisi o‘rtasida tuz iste’mol qilish darajasini o‘rganish, shuningdek, uni qisqartirish bo‘yicha vazifalarni belgilab olishdan iborat edi. Mazkur izlanish natijalari dushanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ma’lum qilindi.

Natriyning asosiy manbalarini tahlil qilish va ularni belgilab olish uchun tadqiqot bazasi sifatida 2014-yilda noinfeksion kasalliklar xavfi omillarining tarqalganligini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan milliy izlanish tanlab olindi. Tahlillar mamlakat katta yoshli aholisining 37 foizi me’yoridan ortiqcha tuz iste’mol qilishini ko‘rsatdi. 16,4 foiz katta yoshlilar esa jismoniy faollikning past natijasini qayd etgan. Buning oqibatida 20,2 foiz katta yoshli aholi ortiqcha vaznga ega, 33,9 foizi — arterial qon bosimining yuqoriligidan aziyat chekadi.

Yangi tadqiqotning asosiy vazifalari O‘zbekistonning 18−64 yoshdagi aholisi tomonidan iste’mol qilinayotgan osh tuzining o‘rtacha miqdorini baholash, iste’molni jins, yosh va “shahar-qishloq” kesimida toifalash hamda mazkur darajani kamaytirish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish hamda tadbiq etish uchun ma’lumotlar yig‘ishdan iborat.

Ma’lumotlarni yig‘ish ishlari respublikaning besh hududida olib borildi. Izlanishlarning ko‘rsatishicha, katta yoshli aholi o‘rtasida tuz iste’molining o‘rtacha ko‘rsatkichi kuniga 14,9 gramni tashkil etdi. 46,5 foiz aholi o‘rtasida iste’molning yuqori darajasi (kuniga 15 g dan ko‘p), 53,2 foizida o‘rtacha (7,5−15 g) va 0,3 foizida past (7,5 g dan kam) natija qayd etildi. Bunda JSSTning tavsiya etgan miqdori kuniga 5 g dan kamroqni tashkil etadi.

Tadqiqot natijasida tuz iste’moli yosh va geografik muhitga ham bog‘liq ekanini ko‘rsatdi. Qoraqalpog‘iston aholisi kuniga 18,5 g tuz iste’mol qiladi, Farg‘ona vodiysida 16,9 g. Buxoroda esa yana ham kamroq — 15,9 g. Toshkent va Andijon viloyatlarida esa bu ko‘rsatkichning mos ravishda 12,6 va 12,5 g ekani aniqlandi. Shahar va qishloq aholisi o‘rtasida tuz iste’moli o‘rtasida farq aniqlanmagan.

Organizmga tushadigan tuzning ehtimoliy manbalariga ham oydinlik kiritildi. Ular — ichimlik suvi, mahsulotlardagi tabiiy natriy, oziq-ovqat sanoati mahsulotlari, ovqatlarga solinadigan tuz hamda dori vositalari.

Yevroosiyo mamlakatlari o‘rtasida Turkiya aholi soniga tuz iste’moli bo‘yicha yetakchilik qiladi (kuniga 18 g), o‘zbekistonliklar esa o‘z ko‘rsatkichlari bilan Vengriya va Xorvatiya aholisidan keyingi o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonda tuz iste’molining yillik iste’moli 130 ming tonnani tashkil etadi. Mamlakatda mazkur mahsulotning 70 ta ishlab chiqaruvchi 163 ta tayyorlov maydonida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tuzni me’yoridan ortiq iste’mol qilish qon bosimining ortishiga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, yurak xastaliklari va insult xavfini oshiradi.

Tuzning ovqatlanish ratsionidagi ahamiyatini qayd etgan holda, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi “Ovqatlanish, harakat faolligi va semizlik” dasturi rahbari doktor Joao Breda shunday dedi: “tuzni me’yoridan ortiq iste’mol qilish alkogol va tamaki iste’moli bilan bir qatorda xavflarni keltirib chiqaruvchi omil hisoblanadi”.

JSST tavsiyasiga ko‘ra, 2025-yilga borib O‘zbekistonning katta yoshli aholisi o‘rtasida tuz iste’molining o‘rtacha darajasi 2015-yildagi 14,9 gramdan kuniga 10,4 gramgacha qisqarishi lozim.