12−17-dekabr kunlari Toshkentda “Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostida Yoshlar haftaligi bo‘lib o‘tadi, deya xabar qildi O‘zA.

Haftalik doirasida O‘zbekiston OTMlari jamoalari ishtirokida Talabalar teatr studiyalari festivali o‘tkaziladi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tashkil etiladigan spektakllar namoyishiga yosh tomoshabinlar baho beradi. Festivalning eng sara asari O‘zbek Milliy akademik drama teatrida namoyish etiladi.

Yoshlar haftaligi doirasida mamlakatdagi beshta oliy ta’lim muassasasining iqtidorli talabalari o‘rtasida “Tafakkur sinovlari” tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tadi.

Haftalikning loyihalaridan yana biri O‘zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish, tuman va shaharlarning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan “Yangi nigoh” videoroliklar tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimidir. Mazkur tanlovga turli yo‘nalishlar bo‘yicha 500 dan ortiq ijodiy ish kelib tushgan. Foliblar haftalik davomida internet foydalanuvchilari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.

Haftalik doirasida kinematografiya sohasida yosh iste’dodlarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yosh kinoijodkorlarning qisqa metrajli filmlari “PROlogue” festivali tashkil etilmoqda. Ushbu tanlovga yuzga yaqin havaskor va professional kinoijodkor o‘z ijod namunalarini taqdim etgan.

Moda va dizayn festivali — haftalikning eng yorqin loyihasidir. Ushbu festival doirasida “Moda laboratoriyasi” namoyishi, milliy liboslar va zamonaviy modelerlar defilesi, yosh hunarmand va rassomlar ko‘rgazmalari, mahorat darslari tashkil etiladi.

Haftalik davomida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkaziladi. Tanlovda Samarqand, Andijon, Buxoro va poytaxt OTMlari jamoalari bahslashadi.

Haftalikda “MIT.uz” loyihasi doirasida axborot-texnologiyalari sohasida, xususan, internet tarmog‘ida milliy sigmentni rivojlantirish borasida izlanishlar olib borayotgan yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tanlov sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

“Turkiston” saroyida “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Yoshlar haftaligi doirasidagi madaniy tadbirlarga kirish bepul.

Foto

Foto: Kamolot" Yoshlar ijtimoiy harakati matbuot xizmati.