8−11-dekabr kunlari Rigada (Latviya) boks bo‘yicha 67-Riga Open xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Unda Shvetsiya, Norvegiya, Isroil, Armaniston, Rossiya, Ukraina, Belarus, Litva, Estoniya, Latviya va O‘zbekistondan 140 nafar sportchi ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Boks federatsiyasi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, besh bokschi bilan qatnashgan milliy jamoa to‘rt oltin va bir kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Finalda Elnur Abduraimov (64 kg gacha vazn toifasida) rossiyalik Anatoliy Jirnovni, Abdulxay Sharahmatov (56 kg gacha) Latviya vakili Nikita Androshukni, Mahmud G‘oipov (75 kg gacha) belaruslik Ilyas Adinayevni, Bahodir Jalolov esa (+91 kg) latviyalik raqibi Evander Servutni mag‘lub etib, musobaqaning oltin medallariga sazovor bo‘ldi.

Sirodjiddin G‘ulomjonov (52 kg gacha) so‘nggi bosqichda Isroil vakili David Alaverdyandan mag‘lub bo‘lib, kumush medal bilan cheklandi.

O‘zbekistonlik Elnur Abduraimov musobaqaning eng yaxshi bokschisi maqomiga sazovor bo‘ldi.