12-dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibligiga tayinlangan Portugaliya sobiq bosh vaziri Antoniu Guterrish qasamyod qabul qilib, yaqin besh yildagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida so‘zlab berdi, deya xabar qildi BMT Yangiliklar markazi. Bosh Assambleya raisi Guterrishga 2017-yil 1-yanvardan boshlanib, 2021-yil 31-dekabrda yakuniga yetadigan muddatda BMTning to‘qqizinchi bosh kotibi ekanini rasman ma’lum qildi.

“Biz to‘qnash kelayotgan muammolar miqyosi BMTni chuqur isloh qilish kerakligi to‘g‘risida so‘zlamoqda. Men o‘zgarishi lozim bo‘lgan asosiy uchta strategik muhim yo‘nalishni ajratib olishni istar edim: tinchlikni ta’minlash, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va ichki ishlarimizni boshqarish”, — dedi Antoniu Guterrish.

U zamonaviy mojarolar yanada murakkab bo‘lib, xalqaro gumanitar huquq va nson huquqlarining jiddiy buzilishlarini keltirib chiqarayotganini ta’kidlab o‘tdi. Bularning barchasi esa aholining ommaviy ko‘chishlarini keltirib chiqarmoqda. Vaziyat terrorizmning o‘sishi bilan yanada murakkablashmoqda.

“Iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ortishi, urbanizatsiyaning jadallashuvi, oziq-ovqat va ichimlik suvi yetishmovchiligi bilan bog‘liq yangi global muammolar resurslar uchun kurashni kuchaytirib, keskinlik va beqarorlikni keltirib chiqarmoqda”, — dedi BMTning bo‘lg‘usi rahbari. U globalizatsiya va texnik taraqqiyot dunyoda notenglik, yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasining ortishi, tashkiliy jinoyatlar va giyohvand moddalarning noqonuniy almashinuvi miqyosining kengayishiga olib kelayotganini qo‘shimcha qildi.

BMT yangi rahbarining fikricha, bularning barchasi oddiy odamlar va siyosiy elita o‘rtasidagi tafovutni oshirib, tartibsizliklar va hattoki zo‘ravonliklar va mojarolarni keltirib chiqarmoqda.

Sayyoraning ko‘plab aholisi nafaqat o‘z hukumatiga, balki global institutlar hukumatlariga ham ishonchini yo‘qotgani haqida so‘zlar ekan, bo‘lg‘usi bosh kotib BMT va uning qadriyatlariga ishonchni tiklash uchun barcha ishlarni amalga oshirishga va’da berdi.

Uning fikricha, BMT va barcha xalqaro hamjamiyatning eng jiddiy kamchiligi — inqirozlarning oldini olishga layoqatsizligidir. U bu sohada barcha uch yo‘nalish — tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish va inson huqulari bo‘yicha harakat qilish lozim.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti, operativ, samarali va natijaviy harakat qilishi zarur. U ijroga ko‘proq, rasmiyatchiliklarga kamroq, odamlarga ko‘proq, byurokratiyaga kamroq e’tibor qaratishi zarur”, — dedi bo‘lg‘usi bosh kotib.

Portugaliyalik Antoniu Guterrishning BMT bosh kotibligiga tayinlanishi to‘g‘risidagi qaror 13-oktyarbr kuni Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga binoan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan edi.