6−8-dekabr kunlari poytaxtdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida professionallar o‘rtasida kulatuu-ertaymash bo‘yicha jangovar burchini ado etish vaqtida halok bo‘lgan ofitserlar xotirasiga bag‘ishlanib WEF PROFFIGHT-10 & AFCA xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi “Ahmat” Osiyo jangchilar ligasi raisi Nodir Qodirov “Gazeta.uz"ga.

Kulatuu-ertaymash — aralash yakkakurashlarning (MMA) Qirg‘izistondagi muqobili.Xalqaro arenada uni “Erataymash Kulatuu MMA” (WEF) Jahon milliy kurash federatsiyasi targ‘ib etmoqda.

Kecha doirasida O‘zbekis, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya va Belarus sportchilarining jami to‘qqiz bellashuvi o‘tkazildi.

Foto: instagram.com/wef_kulatuu.

90 kg gacha vazn toifasida o‘zbekistonlik Muzaffar Rajapov (6−2−0) Rossiya sportchisi Bogdan Bulox (3−4−0) bilan jang olib bordi. Bellashuv Rajapovning birinchi raundda raqibini texnik nokautga uchratishi bilan yakun topdi.

AQSHda xavaskorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon Kubogi va qo‘l jangi bo‘yicha Yevropa ochiq chempionati g‘olibi o‘zbekistonlik Rustam Yusupov (94 kg) Qozog‘iston vakili Baxit Alimovni mag‘lubiyatga uchratdi.

Qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempioni Shahboz Tursunov reyting bahsida O‘zbekistonning boshqa bir vakili Ramazon Temirovni ochkolar hisobiga yengdi.

Foto: instagram.com/wef_kulatuu.

Boshqa bir asosiy jangda (+90 kg) qo‘l jangi bo‘yicha R-1 professional yo‘nalishda, muay-tay bo‘yicha K-1 professional yo‘nalishida chempion hisoblangan o‘zbekistonlik Murod “Osiyo ayig‘i” Xonto‘rayev (9−1−0) belaruslik Nikita Radchik (3−1−0) bilan bellashdi. Murod birinchi raundning o‘zidayoq raqibini nokautga uchratdi. Hozirda Murod MMA, R-1, K-1 versiyalari bo‘yicha g‘olib sanaladi.

Video

70 kg gacha vazn toifasida Jahongir Jumayev Toshkent viloyatidan Bobur Hamidovga qarshi ringga chiqdi. Uch raund yakunlariga ko‘ra, Jumayev g‘olib deb topildi.

Qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Hasan Bozorov (75 kg gacha) kutilmaganda uchrashuv favoriti qozog‘istonlik Ibragim Aliyev ustidan g‘alaba qozondi.

Mamlakat terma jamoasi a’zosi, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi vakili Bekzod Nurmatov 80 kg vazn toifasida buxorolik Amirullo Jo‘rayevni mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: instagram.com/wef_kulatuu.