Gipermarket va do‘konlar tarmog‘ini boshqaruvchi Makro kompaniyasi Sunday supermarketlar tarmog‘ini sotib olganini ma’lum qildi. Mazkur xariddan so‘ng Makro Toshkent va viloyatlardagi 40 ta savdo maskanini boshqaradigan bo‘ldi.

“Sunday`dan Makro`ga bosqichma-bosqich o‘tiladi — dastlab Toshkentda, so‘ngra viloyatlarda”, — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.

2010-yilda asos solingan Makro tarmog‘i ayni damda poytaxtdagi 14 ta supermarketga egalik qiladi. Avvaliga gipermarketlar formatida asos soligan kompaniya yaqinda Makro Express nomi ostida “uyda” shaklidagi do‘konlarni ochishni boshladi.

Sunday tarmog‘iga esa 2015-yilda asos solingan bo‘lib, 26 supermarketni boshqaradi. Ularning 13 tasi Toshkentda, yana shunchasi viloyatlarda (Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Navoiy va boshqalarda) joylashgan.