O‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p ishtirok etgan sportchi sifatida Ginnesning Rekordlar kitobiga kiritildi. Bu haqda sportchi o‘zining Instagram`dagi sahifasida xabar qildi.

Chusovitina 41 yosh va 56 kunligida Rio-de-Janeyrodagi Olimpiada-2016 o‘yinlarida ishtirok etib, Olimpiya o‘yinlarida ketma-ket yetti marotaba qatnashgan holda tarixdagi eng yoshi katta gimnastikachiga aylanganidan tashqari, rekord sohibasi ham bo‘ldi.

“Men uchun bu yangi bosqich, hayotimdagi katta hodisa. Men O‘zbekistondan Ginnesning Rekordlar kitobiga kiritilganimdan juda faxrdaman va baxtiyorman, — deya Oksana Chusovitina „Gazeta.uz“ bilan o‘z taassurotlarini bo‘lishdi. — Hozircha Olimpiada-2020 haqida o‘ylayotganim yo‘q, ayni paytda barcha xayolim kelgusi yil Monrealda o‘tadigan jahon chempionatiga qaratilgan. Oldindan aytishim qiyin, shuning uchun oldinga kichik qadamlar bilan harakat qilaman, keyin esa nima bo‘lishini ko‘ramiz”.

“O‘zbekiston va butun dunyodagi barcha muxlislarimga ko‘magi va ishonchi uchun minnatdorchilik bildirishni xohlar edim, aynan ular meni yangi marralar sari undadi va olg‘a intilishga turtki berishdi”, — deya qo‘shimcha qildi gimnastikachi.

Oksana Chusovitina gimnastika tarixida yetti marotaba ketma-ket (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012 va 2016-yillarda) yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yagona sportchi ayol hisoblanadi. U uch karra jahon, Yevropa va Osiyo o‘yinlari chempioni, jahon birinchiliklarining to‘rtta kumush, to‘rt bronza medaliga ham sazovor bo‘lgan.