O‘zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisda doimiy asosda faoliyat ko‘rsatadigan vakili lavozimini ta’sis etishni taklif etdi. 7-dekabr kuni mamlakat Konstitutsiyasining 24 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali yig‘ilishda so‘zda chiqqan davlat rahbari mazkur o‘zgarish hukumatning parlament bilan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil sohasidagi hamkorligini yanada samarali tashkil etilishiga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

Konstitutsiyamizda belgilangan qonun ustuvorligi prinsipi jamiyatimda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, barcha islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim kafolatidir. O‘tgan davrda qabul qilingan 400 ga yaqin yaxlit qonunlar hayotning barcha sohalarini huquqiy tartibga solish bilan birga, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. “Ayni vaqtda qonunlarning to‘liqligi, hayotiyligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish mexanizmlariga ega ekani haqida so‘z yuritganda, bu borada hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini ta’kidlash zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Afsuski, hozirgi kunda qonunlarning islohotlar samarasiga ta’siri yetarlicha sezilmayapti. Ularning ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishdagi roli pastligicha qolmoqda”, — qayd etdi saylangan Prezident.

Uning ta’kidlashicha, bu holat mamlakat qonunchilik tizimiga fuqarolar, tadbirkorlar, qolaversa, chet el investorlarining ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkin.

“Bu boradagi ishlarni tashkil etishda avvalambor qonun loyihalarini puxta va ijtimoiy munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soladigan darajada ishlab chiqish, ayniqsa, idoraviy hujjatlarni keskin qisqartirish zarur”, — dedi mamlakat rahbari.

“Qonunlarni qabul qilish — bu ishning bir qismi, xolos, — deya davom ettirdi Shavkat Mirziyoyev. — Asosiy masala — qonunlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga va mas’ul ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etish hamda qonun talablariga qat’iy amal qilishni ta’minlashdan iboratdir”.

Afsuski, mazkur yo‘nalishdagi ishlar talab darajasida emas. Buning oqibatida oxirgi uch yilda davlat organlarining 157 ta qarori o‘z kuchini yo‘qotgan qonunlar asosida chiqarilgan. “Endi o‘ylab ko‘raylik, qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklar o‘z vaqtida joylarga, ayniqsa, ijrochilarga yetkazilmaydigan bo‘lsa, ularning bajarilishi haqida nima deyish mumkin?” — deya savolni o‘rtaga tashlagan davlat rahbari quyidagi taklifni bildirdi: “Bu muammoni samarali hal qilishning birdan-bir yo‘li — qonunlar ijrosini tashkil etish bo‘yicha soatdek aniq ishlaydigan mexanizm yaratishdir. Yangi qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarning asosiy ma’nosini aholiga yetkazish bo‘yicha samarali mexanizm yaratish kerak”.

U hozirgi kunda Adliya vazirligining bu boradagi faoliyatini talab darajasida deb bo‘lmasligini ta’kidladi. “Shu munosabat bilan ushbu vazirlik va uning joylardagi bo‘linmalari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Adliya vazirligiga mutasaddi idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunlarning ma’no-mazmunini joylarga yetkazish, ularni keng targ‘ib qilishga qaratilgan aniq takliflarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Mamlakat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qonun ustuvorligini ta’minlashda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shu nuqtai nazardan qaraganda, 20 yil avval bu borada qabul qilingan Milliy dasturni yangidan ishlab chiqishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.