O‘zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-dekabr kuni mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali yig‘ilishda amaldorlarni aholi bilan muloqot qilmayotganini tanqid ostiga oldi.

Konstitutsiyada ifodasini topgan eng asosiy maqsad — inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlash masalasidir, dedi mamlakat rahbari.

“Inson manfaatlarini ta’minlash uchun esa avvalo odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerak”, — ta’kidladi u.

“Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvlarida men bir narsaga amin bo‘ldim. Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sentyabr so‘ngidan buyon bosh vazir virtual qabulxonasiga kelib tushgan 218 mingdan ortiq murojaatlar tahlilidan ko‘p narsa ayon bo‘ldi. “Ta'bir joiz bo‘lsa, ular hayotimizda mavjud bo‘lgan o‘tkir muammolarga ko‘zimizni ochib berdi. kelib tushdi”, — dedi saylangan Prezident.

Odamlar turli sohalardagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo‘lgan ko‘plab idoraviy yo‘riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo‘lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo‘yicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati haqida murojaat qilmoqda, qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

“Bir savol tug‘iladi: mana shu murojaatlarda ko‘tarilgan hayotiy muammolarni joylardagi hokimlik va idoralar, tegishli mutasaddilar o‘z vaqtida hal etishi zarur emasmidi?” — so‘radi mamlakat rahbari.

“Qonun ["Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi] talablarini bajarmayotgan rahbar va mansabdor shaxslarni nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka tortish zarur, deb hisoblayman”, — deya ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev bir narsani yodga oldi: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”.

U barcha qonun hujjatlarida xalq bilan muloqot tizimi haqidagi normalarni aniq belgilab qo‘yish lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev 2017-yilni O‘zbekistonda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"ning asosiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. “Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Biz aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish haqida o‘ylayapmiz. Xususan, 2017-yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi”, — qayd etdi davlat rahbari.

Shu bilan birga, har bir tuman va shaharda “Xalq qabulxonalari"ni tashkil etiladi. Shavkat Mirziyoyev fikricha, bunday qabulxonalar siyosiy partiyalar tizimida faoliyat ko‘rsatishi maqsadga muvofiqdir. Chunki “siyosiy partiya fuqarolarning maqsad va manfaatlarini ro‘yobga chiqaradigan kuch sifatida odamlar hayotidagi muammolardan doimo xabardor bo‘lishi kerak.

“Bizning asosiy maqsadimiz — “Xalq qabulxonalari"ga qilingan hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdan iborat”, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Xalq bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish — aholining davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

U davlat xizmatlarini “yagona darcha” prinsipi bo‘yicha bir idora orqali ko‘rsatish tizimini takomillashtirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Deputat va senatorlarga murojaat qilgan Shavkat Mirziyoyev parlament va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini shakllantirish maqsadida shahar va tumanlarda haqiqiy ahvolni o‘rganib, tegishli rahbarlarning hisobotini xalq deputatlari kengashlari sessiyasi muhokamasiga kiritish tartibini joriy etishni hayotning o‘zi taqozo qilayotganini aytib o‘tdi.

“Oliy Majlisimiz Senati tomonidan har yili Bosh prokuraturaning hisoboti eshitiladi. Bu albatta muhim, lekin joylardagi, masalan, uzoq Olot tumanida mahalliy hokimliklar, prokuratura va ichki ishlar bo‘limlarining hisobotini kim eshitadi?” — so‘radi u.

Har yili bir marta ichki ishlar vazirining eng avvalo profilaktika sohasidagi faoliyati yuzasidan hisobotini Senatda eshitish amaliyotini joriy etishni taklif qildi.