O‘zbekiston Hukumati bilan Fransiya Respublikasi hukumati o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida Fransiya taraqqiyot agentligi va PROPARKOni ta’sis etish va ularning faoliyati to‘g‘risida Bitim imzolandi.

TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, bitim 8 dekabr kuni YXHT TIVKning navbatdagi majlisida ishtirok etayotgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Gamburg shahrida Fransiya Respublikasining Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vaziri Jan-Mark Ero bilan uchrashuvda imzolandi.

Bitimda Fransiya taraqqiyot agentligi (FAR) va uning sho‘ba tashkiloti “Iqtisodiy hamkorlik uchun ko‘maklashish va ishtirok etish jamiyati” (PROPARKO)ning O‘zbekiston hududida faoliyat yuritish tartibi va shartlari belgilangan.

Hujjat ikki davlatda ham belgilangan ichki protseduralar yakunlanganidan so‘ng kuchga kiradi va uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirishga hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda samaradorlikni oshirishga imkon beradi.

FARning O‘zbekistonda faoliyat olib borishni rejalashtirgani to‘g‘risida ilk bor 2011 yilda xabar qilingan, shundan so‘ng muzokaralar olib borish uchun agentlik missiyasi tashrif buyurgan edi.