7-dekabr kuni Gamburgda (Germaniya) Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchilik qildi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati. Uchrashuvda Turkmaniston TIV rahbari ishtirok etmadi.

Avval Samarqand va Vashington shaharlarida bo‘lib o‘tgan “S5+1” vazirliklararo uchrashuvlarining davomi sifatida siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlikning istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Markaziy Osiyo Tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibi Djon Kerri mazkur shakldagi hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etishdi.

AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Jon Kerri o‘z mamlakatining Markaziy Osiyo davlatlari bilan mintaqaviy va global tahdidlar bo‘yicha hamkorlik qilish mexanizmi sifatida “S5+1” diplomatik platformasidan foydalanishdan manfaatdor ekanini tasdiqlagan.

Uchrashuv ishtirokchilari avgust oyida Vashingtonda imzolangan kelishuvga binoan hamkorlikda olib borilayotgan besh loyihaning ketishini muhokama qildi. Avvalroq xabar berilganidek, AQSH mazkur loyihalarga 15 mln dollar ajratgan.