29-noyabrdan 5-dekabrga qadar Pattayada (Tailand) bodibilding va fitnes bo‘yicha VIII jahon chempionati (8th WBPF World Championships 2016) bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston termasi musobaqada 12 nafar atlet bilan ishtirok etdi, deya xabar qildi Bodibilding va fitnes federatsiyasi.

Musobaqa yakunlariga kshra, milliy jamoa jahon birinchiligining to‘rt medalini qo‘lga kiritdi. Pavel Umurzakov 40−49 yoshdagilar o‘rtasida “bodibilding ustasi” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Bu bodibilding bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi ilk jahon chempionati oltin medali hisoblanadi.

Yelena Juravlyova “atlet-fizik” yo‘nalishida (170 sm dan baland) kumush medalga sazovor bo‘ldi. Yelena Nurayeva esa “model-fizik” dasturida (165 sm gacha) ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Malika Vakasova “model-fizik” toifasida (170 sm gacha) bronza medali sohibasiga aylandi.

Firdavs Uzakov — 4-o‘rin (“atlet-fizik” 180 sm dan baland), Pavel Umurzakov — 4-o‘rin (“bodibilding-erkak” 100 kg gacha), Davron Tuyg‘unov — 5-o‘rin (“mens-fizik” 180 sm dan yuqori) va Vladimir Volinkin — 5-o‘rin (“bodibilding-yoshlar” 175 sm dan yuqori) ham yaxshi natijalarni qayd etdi.